Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iroqlik tadbirkorlar delegatsiyasi O‘zbekistonda
14:22 / 2026-01-13

Shu kunlarda 150 ga yaqin Iroq tadbirkorlaridan iborat delegatsiya yurtimizda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya tarkibidan Iroq savdo vaziri Asir Dovud Salmon al-G‘urayriy, iqtisodiy kengashi raisi Ibrohim al-Bag‘dodiy, investitsiyalar milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Salar Muhammad Amin o‘rin olgan.

Iroq Respublikasidan kelgan ishbilarmonlar delegatsiyasi tanishuv dasturini alyuminiy va oyna romlar, shuningdek, fasad yechimlari ishlab chiqaruvchi “IMZO” zavodiga tashrif buyurishdan boshladi.

Qayd etish joiz, mazkur korxona soha bo‘yicha eng yiriklaridan biri hisoblanadi: bu yerda qariyb 2 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi, ishlab chiqarish majmuasining umumiy maydoni esa 16 gektar. Bunday infratuzilma mamlakatimizda sohaviy ko‘rgazmalar, prezentatsiyalar va yirik ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, ishbilarmonlik tashrifi doirasida iroqlik tadbirkorlar qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Krember” brendi ostida faoliyat yurituvchi “Almerro Group” korxonasiga tashrif buyurishdi. Mazkur ob’ekt tashrif dasturidagi ikkinchi manzil bo‘lib, oziq-ovqat sanoatining real salohiyatini namoyon etdi.

Korxonaning ishlab chiqarish majmuasi 8,5 gektar maydonni egallab, uchta korpusdan iborat. Majmuada ming nafarga yaqin ishchi mehnat qiladi. Eksport hajmi yiliga 20 million AQSH dollariga teng bo‘lib, mahsulotlar 15 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Tashrif davomida mehmonlarga oziq-ovqat sanoati salohiyatini aks ettiruvchi umumlashtirilgan ko‘rgazma namoyish etildi. Unda 30 ta ishlab chiqaruvchi kompaniya ishtirok etib, ular tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari soni 21 500 nafarni tashkil etadi. Ko‘rgazmada qatnashgan ushbu kompaniyalarning umumiy eksport hajmi 122 milllion AQSH dollariga teng ekani qayd etildi.

Iroqlik tadbirkorlar o‘lkamizdagi korxonalarning ishlab chiqarish darajasi va eksport imkoniyatlarini yuqori baholab, kelgusida hamkorlikni kengaytirish va Iroq bozoriga mahsulot yetkazib berishni oshirishga qiziqish bildirishdi.

O‘.Alimov, O‘zA