Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iroqlik ishbilarmonlar Samarqandda
16:36 / 2026-01-15

O‘zbekiston – Iroq investitsiya va biznes forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Iroq Iqtisodiy kengashi raisi Ibrohim Madlul Uvayd Ma’sudiy boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga keldi.

Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev mehmonlarni kecha poytaxtimizda O‘zbekiston-Iroq biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklab, Samarqand viloyati ham ushbu davlat mintaqalari va iroqlik tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.  

Uchrashuvda qariyb 40 million aholiga ega Iroq davlati deyarli barcha turdagi tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat, murakkab qurilish materiallarigacha bo‘lgan tovarlarni import hisobidan qoplashi, mazkur bozorda O‘zbekiston mahsulotlari o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lishiga ishonch yuqoriligi qayd etildi. O‘tgan yil dekabr oyida Iroqda o‘tkazilgan dastlabki biznes forum ana shunday imkoniyat eshiklarini ochgani ta’kidlandi.

Ibrohim Madlul Uvayd Ma’sudiy qadimiy Samarqandning boy tarixi va madaniy merosi qimmatli ma’lumotlarga egaligi, endilikda viloyatning iqtisodiy salohiyatidan ham xabardor bo‘layotganini bildirib, sanoat ishlab chiqarishi, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari, qishloq xo‘jaligi, energetika hamda turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuqori ekanligini qayd etdi.  

Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmlarini oshirish va yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ayni paytda tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Iroqdan 150 ga yaqin tadbirkorlar viloyatdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda. Shuningdek, bugun Iroq va samarqandlik tadbirkorlar ishtirokida biznes forum o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri