Iroq poytaxti Bag‘dodda shialar yetakchisi Muqtada as-Sadr tarafdorlari bilan uning siyosiy raqiblari sanalgan qurolli guruhlar o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lganlar soni yigirma kishiga yetdi, deb xabar bermoqda "Al-Jazira" telekanali tibbiy manbalarga tayanib.
Avvalroq "Al-Arabiya" telekanali to‘qnashuvlarda 14 kishi qurbon bo‘lgani va 300 dan ziyod kishi yaralangani haqida ma’lum qilgan edi.
OAV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Bag‘dodning “yashil hududi” qismida as-Sadrga bo‘ysunuvchi "Saraya as-Salom" ("Tinchlik bo‘limlari") brigadasi hamda shialarning xalq ko‘ngillilari tuzilmalaridan iborat "al-Xashd ash-Shaabi" guruhi o‘rtasida otishmalar davom etmoqda. Tomonlar minomyotlar va og‘ir pulemyotlardan foydalanayotgani ma’lum qilingan.
Iroq armiyasi bo‘linmalari shahardagi xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Bag‘dod ko‘chalariga olib chiqilgan. Bundan tashqari, xabarda Iroq armiyasining ikki askari Bag‘dodddagi “yashil hududda” halok bo‘lgani aytilmoqda.
Avvalroq Muqtada as-Sadr siyosiy faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilib, partiyasiga qarashli barcha idoralar yopilganini ma’lum qilgandi. U ushbu aksiyaga mamlakat hukumati muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishni istamayotgani hamda parlamentda shialarning keng koalitsiyasini tashkil etish imkoniyati yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatgan edi.
As-Sadr siyosiy faoliyatini to‘xtatgani haqidagi xabarni e’lon qilgandan keyin uning yuzlab tarafdorlari Bag‘doddagi “yashil hududga” bostirib kirgan. Ular, shuningdek, Iroq hukumati qarorgohi bo‘lmish Respublika saroyini ham egallab olgan. Bu yerda ular bilan tartib posbonlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan.
Keyinroq Iroq xavfsizlik kuchlari as-Sadr tarafdorlari tomonidan egallab olingan Respublika saroyini o‘z nazoratiga olgani ma’lum qilindi. Xabarda aytilishicha, xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘qotar qurollar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishga solingan.
Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Muqtada as-Sadrga tarafdorlarini hukumat binolarini tark etishga chaqirishni so‘rab murojaat qilgan.
Muqtada as-Sadr dushanba kuni kechqurun ochlik e’lon qilgan va Iroqda zo‘rovonliklar to‘xtamagunicha ochlikni davom ettirishini ma’lum qilgan.