Iroq janubidagi Al-Kut shahridagi gipermarketda sodir bo‘lgan yirik yong‘in oqibatida kamida 69 inson halok bo‘ldi. 11 kishining taqdiri hali noma’lum. Bu haqda mahalliy sog‘liqni saqlash idorasi rasmiylari va ikki nafar politsiya xodimi “Reuters” muxbiriga ma’lum qilgan.
Agentlik taqdim etgan video lavhada o‘t o‘chiruvchilar tun bo‘yi yonayotgan binoga suv purkagani, qutqaruv guruhi a’zolari tom orqali odamlarni olib chiqayotgani aks etgan.
– Vayrona ostida hali ko‘pchilik bor, – deydi shahar rasmiysi Ali Al-Mayohiy.
Yong‘in sababi hozircha ma’lum emas. Politsiyaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, olov upa-elik va yuz bo‘yog‘i mahsulotlari sotiladigan hududdan tarqalgan.
Qutqaruvchilar binoda ishni davom ettiryapti. Bosh vazir Muhammad Shia As-Sudaniy “kamchilikni aniqlash” uchun zudlik bilan tergov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Idora bayonotida milliy motam e’lon qilingani ham ta’kidlangan.
Viloyat gubernatori tergovning dastlabki natijasi 48 soat ichida oshkor etilishini aytdi, deb yozdi INA davlat axborot agentligi.
M.Pirmatova, O‘zA