Iroqning Diyala viloyatidagi qishloqlarning birida «Islom davlati» (ID) guruhi jangarilari uyushtirgan hujum oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohat olgan, deb ma’lum qildi RIA Novosti mamlakat xavfsizlik kuchlari manbalariga tayanib.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ID guruhi jangarilarining Diyala viloyati shimoli-sharqida Mikdadiya tumanidagi Rashad qishlog‘iga uyushtirgan hujumi natijasida olti kishi halok bo‘ldi va 10 kishi yarador qilingan», - deyiladi manbada.
Kuni kecha AQSH razvedkasi ham «Islom davlati» guruhining Afg‘onistondagi bo‘linmalari yarim yil ichida yangi hujumlar uyushtirishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.
Pentagon rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kolning senatga taqdim etgan hisobotida ta’kidlashicha, AQSH razvedka idoralari Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan «Islom davlati» guruhlari jangarilari olti yoki o‘n ikki oy ichida, «Al-Qoida» jangarilari esa bir yoki ikki yil ichida hujum uyushtirish imkoniyatini tiklab olishi mumkin».
Kolin Kolning fikriga ko‘ra, «Islom davlati» va «Al-Qoida» guruhlari «tashqi amaliyotlarini», jumladan, AQSHga qarshi ham amalga oshirishni mo‘ljallamoqda. O‘ning ta’kidlashicha, lekin ikkala guruh ham hozircha bunday imkoniyatga ega emas.