Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Irodali shaxmatchilarimiz bugun Kuba bilan kuch sinashadi
10:42 / 2025-10-23

Qozog‘istonning Ostona shahrida imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan II Butunjahon shaxmat olimpiadasining ortda qolgan 3 ta tur o‘yinlaridan keyin O‘zbekiston terma jamoasi 5 ochko bilan kuchli beshlikda bormoqda.

35 ta davlatning milliy terma jamoalari ishtirok etayotgan olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1-turda Birlashgan Arab Amirliklari vakillarini 4:0 hisobida mag‘lub etdi. 2-turda Argentina jamoasi bilan 2:2 hisobida durangga erishdi.

Kecha o‘tkazilgan 3-tur o‘yinlarida hamyurtlarimiz  “ICCD” jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Turnir jadvalini 6 ochko jamg‘argan FIDE-1, Polsha va Isroil jamoalari boshqarib borayotgan vaziyatda, ularni 5 ochkoga ega O‘zbekiston hamda Chexiya terma jamoalari ta’qib etmoqda. AQSH, Kuba, Vengriya singari 11 ta jamoa hisobida 4 ochko mavjud.

Bugun, 23 oktyabr kuni II Butunjahon shaxmat olimpiadasining 4-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Unda mamlakatimiz shaxmatchilari Kuba jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, g‘olib jamoaga 2 ochko, durang natija uchun esa 1 ochko taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ostonada davom etayotgan nufuzli musobaqada terma jamoamiz a’zolari Selbi Kakishova, Ilhom Ergashov, Sirojiddin Zayniddinov, Ahadxon Kimsanboyev va Marsel Shoyusupov mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.

6 ta turdan iborat olimpiada o‘yinlari 25 oktyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA