Irodali para sportchilarimiz hisobida hozircha 19 ta medal bor
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarining ikkinchi kuni ham vakillarimiz uchun omadli boshlandi.
Musobaqada para pauerlifting bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida 55 kg. vazn toifasida supachaga ko‘tarilgan hamyurtimiz Oyshaxon Karimbergenova dastur yakunida 65 kg. natija qayd etib, yoshlar Paraosiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Ziyoda Boqijonova, Hojiakbar Homidov ham musobaqaning oltin medallariga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Akbarali Rahmonov, Umidjon Eshboyev, Munisa Omonova, Otabek Tilovovlar O‘zbekiston hisobiga kumush medallarni qo‘shib qo‘ydi.
Umidjon Ro‘ziyev esa bronza medaliga ega chiqdi.
Shunday qilib, hozircha irodali para sportchilarimiz hisobida 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza jami 19 ta medal mavjud.
Sherbek Islomov, O‘zA