Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iroda Vasiyeva: "Men ham mamlakatning "oltin fondi"ga aylanishni maqsad qildim"
15:19 / 2022-06-30

30 iyun – O‘zbekiston yoshlari kuni

Yoshlar – jamiyatning tub negizi, aholining ilg‘or qatlami, kelajakning ishonchli vorislaridir. Har bir davr yoshlarining bilim darajasi, dunyoqarashi, o‘y-fikri, ma’naviy qiyofasiga qarab o‘sha jamiyatning ertangi kunini tasavvur etish mumkin.  

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi tacdiqlangan.  

Joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11 ming 380 nafar iqtidorli bitiruvchilariga oltin va kumush medallar topshirildi. Bitiruvchilardan 9 ming 412 nafar bitiruvchi oltin, 1 ming 968 nafari esa kumush medal bilan taqdirlandi.  

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 1-o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi, oltin medal sohibasi Iroda Vasiyevaning so‘zlariga quloq tutdik.  

– Bolaligimning asosiy qismi ota-onamni sog‘inish bilan o‘tdi, deydi Iroda Vasiyeva. – Dadam, onam va singlim bilan uzoq yillar ijara uylarda yashashimizga to‘g‘ri kelgan. Dadam harbiy sohadan nafaqaga chiqqach, onam bilan kelishib, Moskva shahrida ishlashga qaror qildi.  

Biz oilamiz bilan Moskva shahriga ko‘chib bordik. Maktabga joylashdik. Ikki yil davomida Moskva shahridagi 1050 o‘rta ta’lim maktabida tahsil oldim. Ukam dunyoga kelgach, ota-onamning xohishi bilan men va ukalarim O‘zbekistonga qaytdik. 

Bolaligim uzoq yillar davomida ota-onamsiz kechdi. Ularni sog‘inish bilan o‘tdi. Hali yoshiga to‘lmagan kichkina ukam va singlimga asosiy qarovchi o‘zim edim. Biz salkam 10 yil deganda o‘z uyimizga erishdik.  

Onam uzoqda bo‘lsada, har kuni qo‘ng‘iroq qilib, o‘qishlarimdan xabar olar, mening kelgusidagi rejalarimga, orzularimga quloq tutardi. Onamning musofirlikdan turib bizga yuborgan sovg‘alarining aksariyati turli mavzulardagi kitoblar edi.  

Tunda ko‘zimni yumsam ko‘z oldimga uzoqlarda bizni deb, kelajagimizni deb ishlayotgan, ona gavdalanar edi. Ularning mana shu mashaqqatlarini rohatga aylantirish orzuim edi.  

Maktabni oltin medalga bitirishimni eshitgan onamning yosh to‘la ko‘zlariga boqar ekanman, go‘yo onam menga men kutgan kunlar keldi, deyayotgandek edi. Mening unib-o‘sishim, to‘la-to‘kis hayotim ota-onamning musofirlikdagi zahmatlari evaziga yaratilgan sharoit ekanligini yaxshi tushunaman.  

Biz yoshlarning eng katta baxti shu yurtning farzandi ekanligimiz. Agar biz yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalana olsak, barcha mamlakatlarning yoshlari bizga havas bilan qarashda davom etadi.  

Hozirda rus, ingliz va turk tillarida bemalol suhbatlasha olaman. Kelgusida tarjimon bo‘lib, O‘zbekiston imijiga o‘z hissamni qo‘shish mening eng katta orzuim!  

Prezidentimiz shunday degan edi: «Buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning bir hikmati bor: «So‘z-gul, ish-meva». O‘ylaymanki, bugun belgilab oladigan rejalaringiz qanchalik pishiq-puxta bo‘lsa, ishingiz ham shunchalik yaxshi samara beradi. Sizlar ko‘p kitob o‘qigan, bilimli avlod sifatida yurtimiz o‘tmishda jahon sivizilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini yaxshi bilasiz. Siz Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar, Termiziylar avlodisiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham butun insoniyatga xizmat qilmoqda».  

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimizning men va men kabi barcha yoshlarga berayotgan e’tiborlari hamda g‘amxo‘rliklari biz uchun yetib bo‘lmas bo‘lib ko‘ringan manzillarga yetib olishimizga, erishib bo‘lmaydigan maqsadlarga erishishimizga asos bo‘lishiga ishonaman.  

Bugun iste’dodli yoshlar uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Yoshlardan faqat xohish va harakat bo‘lsa bo‘ldi.  

Zero, davlatimiz rahbari «Agar masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ertaga mana shunday yoshlar, tuman yoki shaharning «oltin fondi»ga aylanadi va shu hududning obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi, deya bejizga ta’kidlab o‘tmagan. Men ham o‘zimga yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, mamlakat «oltin fondi»ga aylanishni maqsad qilganman.  

Barcha tengdoshlarimni 30 iyun – O‘zbekiston yoshlari kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.    

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.