Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Irlandiya Prezidenti Isroilni BMTdan chiqarib yuborishga chaqirdi
22:27 / 2025-09-18

Irlandiya Prezidenti Maykl D.Xiggins Isroil va ushbu mamlakatni qurol-yaroq bilan ta’minlayotgan davlatlarni BMT tarkibidan chiqarib yuborish taklifini kiritdi. Ma’lumki, yaqinda taqdim etilgan BMT hisobotida Isroil G‘azo sektorida genotsid sodir etmoqda, degan xulosaga kelingan. Bu haqda “Arab News” ma’lum qildi.

Bu yil vakolati muddati tugaydigan Xiggins BMT Inson huquqlari kengashi tavsiyasiga binoan tayyorlangan mustaqil ekspertlar guruhi xulosasini “juda muhim hujjat” deb atadi.

– Shaxsan men genotsidni amalga oshirayotganlar va qo‘llab-quvvatlovchilarga nisbatan chora ko‘rish kerak, deb hisoblayman, – dedi u. – Biz ularni Birlashgan Millatlar Tashkilotidan chiqarib yuborish haqida o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Insonlarga qarshi bunday yovuz harakatlar sodir etayotganlar bilan savdo qilishni to‘xtatishimiz kerak.

1 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Falastin metropolidagi ko‘p qavatli binolarga bir necha haftadan beri hujum uyushtirilmoqda. Isroil hukumati G‘azo shahrini egallash uchun tanklar va quruqlikdagi qo‘shinlarni joylashtirgani ortidan uch a’zodan iborat komissiya xulosasi shu hafta e’lon qilindi. To‘rt yil avval tashkil etilgan Bosqindagi Falastin hududi va Isroil bo‘yicha tergov komissiyasi alohida davlatlarga nisbatan chora ko‘ra olmasa-da, guruh xulosasini Xalqaro jinoiy sud yoki Xalqaro sud prokurorlari inobatga olishi mumkin.

Isroil mazkur komissiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan va genotsid ayblovini bir necha bor “antisemitizm” deb atagan.

M.Pirmatova, O‘zA