Irlandiya ayni payt joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘ryapti. Internet va ijtimoiy tarmoq orqali hukumat o‘z qarashiga mos kelmaydigan shaxslar nomzod sifatida maydonga chiqishiga to‘sqinlik qilayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda. Bu haqda Evronews ma’lum qilgan.
Faqat uch nafar nomzod rasman ro‘yxatga olingani 1990 yildan buyon kuzatilgan prezidentlik saylovida eng kam da’vogar qatnashayotgan holat hisoblanadi. Shunga asoslanib, ba’zi videolavhalarda hukumat fuqarolar huquqini cheklayotgani, nomzodlar ro‘yxati sun’iy ravishda qisqartirilayotgani iddao qilingan.
Bunga javoban mamlakat Saylov komissiyasi prezidentlikka nomzod ko‘rsatish tartibi bo‘yicha aniq huquqiy mexanizm mavjudligini bildirgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat rahbarligiga da’vogar quyidagi shart asosida ko‘rsatilishi mumkin: Irlandiya fuqarosi bo‘lishi, 35 yoshdan oshishi, kamida 20 nafar parlament a’zosi tomonidan ma’qullanishi yoki hech bo‘lmaganda to‘rt mahalliy hokimiyat idorasi nomidan ilgari surilishi. Shuningdek, bir muddat faoliyat yuritgan amaldagi prezident ham nomzodini mustaqil ravishda qayta ko‘rsatishi mumkin.
Saylov komissiyasi ta’kidlashicha, 24 sentyabr kuni yakunlangan nomzod ko‘rsatish jarayonida hukumat tomonidan hech qanday to‘siq qo‘yilmagan. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqda “hukumat” va “parlament” tushunchalari noo‘rin chalkashtirilayotgani ta’kidlandi. Parlament a’zolari mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, ularning fikri hukumatning qarashini to‘liq aks ettirmaydi.
Avvalroq, taniqli sportchi Konor Makgregor ham yetakchilikni qo‘lga olish uchun saylovda qatnashish niyatini e’lon qilgandi. Sentyabr oyi oxiriga kelib, u oilasi bilan maslahatlashgan holda, fikridan qaytganini bildirdi.
Demak, hukumat nomzodlar yo‘liga to‘siq qo‘ygani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va asossiz hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VL8iExYvuTg" title="Irlandiya hukumatiga nisbatan iddao" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA