Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” nomli kitobi – yosh ijodkorlar uchun ijod maktabi
15:06 / 2026-01-27

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan taniqli ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA Bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, ustoz jurnalist, senator Abdusaid Ko‘chimov, atoqli jurnalist va adib, publitsist Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher va boshqalar mamlakatimiz milliy media sohasi rivojida ustoz qalamkashlarning o‘rni va hissasi beqiyos ekanini ta’kidladi. 

Tadbirda e’tirof etilganidek,  “Davr jurnalist nigohida!” kitobida ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqovning yarim asrdan ortiq ijodiy faoliyati davomida ko‘rgan-kechirganlari, bevosita ishtirok etgan muhim tarixiy voqea-hodisalar haqidagi xotiralari jamlangan. 

– Irismat Adbuxoliqov milliy jurnalistikamizda yuksak darajalarga erishgan ijodkor, – dedi adib va publitsist, ustoz jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad. – U o‘z ortidan media ijodkorlarning juda katta armiyasini yetaklaydigan qalamkash bo‘lib yetishdi. Irismat Abduxoliqovning “Davr jurnalist nigohida” nomli kitobida yangi tariximizning o‘ziga xos solnomasi yaratilgan. Irismat akaning tajribasi – oltinga topilmaydigan tajriba. Bunday ustoz ijodkorning bilimi, mahoratidan maksimal darajada foydalanish kerak.

–Irismat akaning ajoyib ijodi bor, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher. – U jurnalistikamiz bilan birga milliy adabiyotimizdagi eng zo‘r tanqidchi. Maqsadga yo‘naltirilgan tarzda faoliyat olib borish uning faoliyatida ustuvor o‘rin egallaydi. Jurnalist sifatida unda butun borlig‘i bilan o‘zini namoyon etishga bo‘lgan intilish juda kuchli. Rostgo‘y, kamtarin, to‘g‘riso‘z qalamkash sifatida yoshlarimiz Irismat akaning ko‘plab insoniy fazilatlaridan ibrat olsa arziydi. 

Taqdimot tadbirida ta’kidlanganidek, mazkur kitobda muallif o‘z faoliyati davomida yuzma-yuz kelgan, hamkorlik qilgan, muloqotga kirishgan tanish va notanish shaxslar obrazini yaratar ekan, Irismat Abduxoliqov uslubiga xos bo‘lgan xolislik, tiniqlik va samimiylik yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, respublikamizni salkam chorak asr boshqargan Sharof Rashidov siymosi alohida hurmat va muhabbat bilan tasvirlangan. 

Kitobda muallifning O‘zbekistonning deyarli barcha viloyat, tuman va qishloqlaridan, shuningdek, Vashington, Nyu-York, Moskva, Dehli, Anqara, Makka va Madina shaharlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatgan reportajlari matnlari ham o‘rin olgan. Shuningdek, to‘plamga televideniye va radioning ilmiy-nazariy asoslariga bag‘ishlangan maqolalar ham kiritilgan.

– Jurnalistning mehnati nihoyatda mashaqqatli, – dedi Irismat Abduxoliqov. – Kasbim taqozosi bilan juda sinovli vaziyatlarni boshdan kechirishga to‘g‘ri kelgan. Afg‘onistonda bo‘lganmiz, o‘tgan asrning 80-yillari oxirida Farg‘onada ro‘y bergan dahshatli voqealarni yoritishimga to‘g‘ri kelgan. Moskvada 10 yil ishladim, AQSHda, Makka va Madinada, Xitoyda katta hajmdagi media materiallar, filmlar tayyorladim. Umuman olganda, ushbu kitobda oltmish yildan ortiq davr mobaynidagi mehnatim mujassam bo‘lgan. O‘ylaymanki, u yosh jurnalistlarimiz uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi. 

[gallery-27316]

Darhaqiqat, kitobga taqrizchilardan biri quyidagicha yozadi: “Davr jurnalist nigohida” kitobidan joy olgan yuzdan ortiq xotira-lavhalarning birortasi ham befarq o‘qilmaydi. Hayotning past-balandlarini ko‘rgan, tajribali, donishmand yoshidagi muallif har bir sahifada olam va odam, shaxs va jamiyat, matbuot va davlat munosabatlariga doir hayot haqiqatlarini yoritib, o‘quvchini o‘tmishdan bugunga, bugundan kelajakka bog‘lovchi boqiy mezonlar manzaralaridan bahra olishga undaydi.

Kitobda taqdim etilgan tarixiy jarayonlarning eng qaynoq nuqtalaridan tayyorlangan axborotlar, reportaj va ko‘rsatuvlar matnlari o‘sha davr manzaralarini ko‘z o‘ngimizda qayta jonlantirishi barobarida, jurnalistikaning barcha sohalari vakillari hamda talaba-yoshlar uchun muhim o‘quv-amaliy qo‘llanma vazifasini ham o‘taydi.


   Nazokat Usmonova,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari