Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom Irina Shurning "Ko‘p qirrali Italiya" nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada ijodkorning 68 ta sara asarlari namoyish etildi. Irina Shur asosan hujjatli va badiiy fotografiya o‘rtasida ishlaydigan fotograf. Uning tasvirlari nafaqat shaklni, balki borliqni ham qamrab oladi, tomoshabinni tafakkurga va ichki sayohatga chorlaydi.

Fotorassom muntazam ravishda tomoshabinlarga sayohat qilish va fotografiya orqali madaniyatni o‘rganishga bag‘ishlangan shaxsiy ko‘rgazmalarini taqdim etadi. Bu safar uning fotohikoyasi qahramoni sivilizatsiyalarning ko‘p qatlamli mamlakati, ulug‘vor va insonlarni cheksiz ilhomlantiruvchi Italiya bo‘ldi.

Ma’lumki, Italiya allaqachon san’at, me’morchilik, musiqa va oshxona madaniyati borasida jahon madaniy merosining timsoliga aylanib bo‘lgan. Rassom o‘z foto asarlarida Italiyaning boy madaniy va tarixiy merosini gavdalantirgan.

Ko‘rgazma 16 iyunga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA