Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiyotning zamonaviy drayverlari: intellektual, barqaror va past uglerodli energetika
20:10 / 2022-12-22

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-texnik anjuman shunday nomlandi.

Toshkent davlat texnika universiteti, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik olimlar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, soha mutaxassislari, magistrant hamda bakalavriat talabalari ishtirok etdi.

Ushbu oliygoh ilmiy kotibi Ikromjon Rahmonov qayd etganidek, anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 martdagi “2022 yilga mo‘ljallangan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari sohasidagi ilmiy-texnik anjumanlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida o‘tkazildi.

[gallery-10041]

– Anjumanning maqsadi elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash hamda undan oqilona foydalanish borasida mavjud muammolarni muhokama qilish va bartaraf etishdir. Bunda esa olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ulardan olingan natijalar va elektr energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi bo‘yicha tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, tadbir energetikaning joriy holati va istiqbollari, energiya samaradorlik, energetika raqamli texnologiyalarning qo‘llanilishi, energiya va resurs tejash, issiqlik energetikasi, elektr energetikasi va suv-energetika muammolari, atom energetikasi, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetikaning ekologik muammolari yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokamasiga bag‘ishlandi. Anjumanning bu yilgi ishtirokchilari soni 150 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 20 nafardan ortig‘i MDH davlatlari va horijiy mamlakatlar ishtirokchilarini qamrab oladi. Jumladan, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Belarus, Janubiy Koreya davlatlaridan sohaning yetakchi olimlari ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgani bilan yanada e’tiborlidir, – dedi I.Rahmonov.

Shuningdek, anjuman ishida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasining qurilishi bilan bog‘liq masalalar ham o‘rtaga tashlandi. Bu yirik loyihani amalga oshirish nafaqat energetik va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi faqatgina arzon elektr energiyaga bog‘liq bo‘lmasdan, balki sanoat korxonalari uchun muhim hisoblanadi. AESning qurilishi uning ob’ektlariga xizmat qiluvchi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni talab etishini hisobga olib, mamlakatda ta’lim sifatining oshishiga ham xizmat qiladi.

– Energetiklar oldiga 2030 yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmini yiliga 120 milliard kilovatt soatga yetkazish vazifasi qo‘yilgan, – dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Elektr energiyasini avtomatlashtirish markazi filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonov. – Bu esa bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan 70 milliard kilovatt soatdan ikki marotaba ko‘p demakdir. Bu vazifa atom elektr stansiyasini qurish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish orqali yechilishi mumkin. Energetika tizimidagi bu kabi islohotlar O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentimizning tegishli farmonlari va qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri