Munosabat
Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z mazmuni va qamrovi jihatidan mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 43,1 milliard dollarga, eksport 33,4 milliard dollarga va oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollarga yetkazildi. Shuningdek, ishsizlik darajasi 4,9 foizga, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizga qisqartirildi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yil ana shu islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi modeliga o‘tish yili sifatida belgilab berildi. Bu model faqat iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini oshirishni emas, balki o‘sish sifatini, aholi farovonligi va barqaror taraqqiyotni ta’minlashni maqsad qiladi.
Yangi iqtisodiy modelning asosiy tamoyili iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishdir. Prezident ta’kidlaganidek, jahon miqyosida raqobat keskin kuchayib borayotgan bir sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina barqaror rivojlanishga erisha oladi. Shu bois, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida ilg‘or texnologiyalar, raqamli yechimlar, “To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi”ni tashkil qilish hamda “Industriya 4.0” tamoyillarini joriy etish 2026 yilning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.
Iqtisodiy modelning ikkinchi muhim ustuni investitsiya siyosatida sifat jihatidan yangi yondashuvni joriy etishdir. Endi investitsiya hajmi emas, balki uning mazmuni va samaradorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Har bir jalb qilinayotgan sarmoya ilg‘or texnologiyalar transferiga, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga va yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi shart. Shu maqsadda investorlar uchun yer ajratish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnoma olish jarayonlari tubdan soddalashtirilib, “yagona darcha” elektron tizimi joriy etiladi.
2026 yil iqtisodiy modelining yana bir muhim jihati mahallani iqtisodiy rivojlanishning faol sub’ektiga aylantirishdir. “Mahallada sanoat va xizmat” tamoyili asosida kichik va o‘rta biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, aholini mahallaning o‘zida ishli qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yondashuv iqtisodiy o‘sishni hududlar kesimida muvozanatli ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish ham yangi modelning ajralmas qismi hisoblanadi. Uy-joy qurilishi, ipoteka va iste’mol kreditlari hajmini oshirish orqali aholining xarid qobiliyati yanada mustahkamlanadi. Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish, turizm, transport va logistika infratuzilmasini kengaytirish orqali iqtisodiyotda qo‘shimcha qiymat yaratadigan yangi tarmoqlar shakllantiriladi. Bu esa iqtisodiy o‘sishni barqaror va uzoq muddatli qiladi.
Yangi iqtisodiy model inson kapitaliga tayanadi. Kasbiy ta’limni tubdan modernizatsiya qilish, texnikum va oliy ta’lim muassasalarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ilm-fan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasiga investitsiya kiritish kelgusi yillarda iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylanishi kutilmoqda.
Ekologiya va “yashil” iqtisodiyot tamoyillari ham 2026 yil iqtisodiy modelining muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi. Energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning yangi modeli raqamlarga emas, insonga, innovatsiyaga va barqarorlikka tayangan holda shakllanmoqda. Bu model mamlakatimizni yaqin istiqbolda o‘rtadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘ladi.
Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA