Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish – samaradorlik omili
17:59 / 2021-01-22

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni rivojlantirish – sifat, unumdorlik va taraqqiyotning muhim omili. So‘nggi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhit yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, davlat ulushi saqlanib qolayotgan ayrim tarmoq va yirik korxonalarda bozor mexanizmlariga o‘tishning kechikayotganligi yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish o‘rinlari yaratishga to‘sqinlik qilmoqda.

Xalq tilida aytganda, davlat ulushi bor korxonaning aniq bir egasi bo‘lmaydi. Tabiiyki, egasi bo‘lmasa u o‘z imkoniyati darajasida ishlatilmaydi. Chunki maqsad yo‘q. Korxona raqobatni o‘ylamaydi, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish haqidaku gap bo‘lishi mumkin emas. Agar shu korxona xususiy sektorga berilsa, tadbirkor iloji boricha ko‘proq foyda olish uchun harakat qiladi.

Natijada shu turdagi korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat yuzaga keladi. Tadbirkor ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish va mahsulot turini kengaytirishni o‘ylaydi. Qarabsizki, yarim imkoniyati darajasida ishlayotgan korxona to‘liq quvvatda ishlaydi, ishchi o‘rni ko‘payadi va davlatga bundan ancha foyda tushadi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda iste’molchiga yo‘naltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.

Hozirgi vaqtda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksariyati moliyaviy barqaror bo‘lmagani uchun davlatga og‘ir yuk bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda. 2021 yilda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.

Shu jihatdan davlat aktivlarini xususiy mulkka sotishda bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jurnalistlar uchun Toshkent viloyatidagi bir qator korxonalariga press-tur tashkil etildi. Tadbir doirasida hududlardagi xususiylashtirilayotgan, korporativ boshqaruv joriy etilgan, moliyaviy sog‘lomlashtirilgan, investitsiya majburiyatlari bajarilayotgan hamda ayrim sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan yoki yuritmayotgan yirik korxonalarga tashrif buyurildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 267 ta davlat ob’ekti 1 so‘m harid qiymatida “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasiga chiqarilishi belgilangan bo‘lib, shundan bugungi kunda 205 ta davlat aktivlari ommaviy savdolarga chiqarildi. 117 ta davlat aktivlari 18 milliard 697 million so‘m qiymatida sotildi.

Prezidentimiz farmon va qarorlariga asosan 10 ta davlat ob’ekti 54 milliard 983 million so‘mga, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan 12 ta davlat ob’ekti 6 milliard 717 million so‘mga sotilgan.

Boshqa tegishli qarorlarga asosan 92 ta davlat ob’ekti 1 so‘mga teng qiymatda boshlang‘ich narxda, investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar sharti bilan 4 milliard 424 million so‘mga sotilgan bo‘lib, bunda umumiy qiymati 112,9 miliard so‘m hajmda investitsiya kiritish va jami 1 ming 218 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyatlari bilan sotilgan. 3 ta davlat ob’ekti 1 milliard 573 million so‘mga sotilgan.

88 ta davlat ob’ekti “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasiga chiqarildi. Shundan 8 tasini savdoga chiqarish ishlari amalga oshirilmoqda. 54 tasida bugungi kunda xatlov, baholash hamda ekspertiza ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashkari, markazning Toshkent viloyati hududiy boshkarmasi tomonidan "E-IJRO AUKSION" yagona elektron-onlayn savdo maydonchasiga o‘tgan yilda 553 ta davlat mulki ob’ekti elektron tarzda e’longa chiqarilib, shundan 353 ta davlat mulki ob’ekti kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga uch tomonlama ijara shartnomasi orqali ijaraga berishga erishildi. Buning natijasida 1 ming 630 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Prezidentimizning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan Toshkent viloyatidagi «To‘ytepa metall qurilmalari» AJ xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Dastlabki manzil mazkur korxona bo‘ldi. «To‘ytepa metall qurilmalari» aksiyadorlik jamiyatining 84 foiz davlat ulushini sotish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda ushbu korxonaning davlat ulushi 20 milliard so‘m qiymatida va 4 million AQSH dollari investitsiya kiritish evaziga xususiy sektorga sotildi. Ushbu korxona shu paytgacha samarasiz ishlab kelgan hamda iqtisodiy ko‘rsatkichi past bo‘lgan.

Xo‘sh, tadbirkor ushbu korxonani olib, ishni nimadan boshladi?

Qayd etilishicha, mazkur korxonada ish dastlab texnika va texnologiyalarni yangilash, yangi jihozlar o‘rnatishdan boshlangan. Chunki, bu yerdagi aksariyat texnologiya va jihozlar eskirgan, talabga javob bermaydi. bugungi kunda 3 ta metallga ishlov beruvchi zamonaviy lazer apparati o‘rnatilgan.

Shu bilan birga, kommunal xo‘jalikka zarur bo‘lgan maxsus texnikalar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Misol uchun, hozirgi paytgacha chiqindi tashish texnikalari xorijdan 680-700 million atrofida import qilingan bo‘lsa, o‘zimizda ishlab chiqarish orqali bu 200-250 millionga arzonlashadi. Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, yaqin ikki yilda bu yo‘nalishda 50 turdagi maxsus texnika ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Yana bir jihat, xorijdan keltirilgan texnikalarning ishlashida nosozlik bo‘lsa, uni tuzatadigan servis xizmatlari yo‘q. Bu esa ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Mazkur korxona maxsus texnikalar uchun servis markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu esa korxona imkoniyatlarini kengaytiradi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Keyingi manzil Yangiyo‘l tumanidagi «Yangiyo‘l yog‘-moy» AJ korxonasi bo‘ldi. Borib bildikki, bu yerda ish to‘xtab qolgan. Sababi xomashyo yo‘q. 600 ga yaqin ishchilar esa vaqtincha ishsiz. Fahmlaganingizdek, davlatga qancha zarar. Prezidentimizning yuqoridagi farmoniga asosan ushbu korxona davlat aksiya ulushlari to‘liqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, hozirda ushbu korxonani baholash yakuniy bosqichda va yaqin orada "E-IJRO AUKSION" yagona elektron-onlayn savdo maydonchasida sotuvga qo‘yiladi. Korxona 51 foiz davlat ulushida.

Korxona rahbari Alisher Xayrullayevning ta’kidlashicha, korxonada xo‘jalik sovuni, paxta yog‘i, shrot va sheluxa ishlab chiqariladi. Bir kunda 400 tonna paxta chigiti qayta ishlanadi.

Korxona samarali faoliyat ko‘rsatmayotganining asosiy sababi ham ma’lum. Ilgari Toshkent viloyati bo‘yicha 120 ming tonna paxta chigiti ikki zavodga bo‘lib berilgan. Bu zavodlar ichida mazkur korxona ham bo‘lgan. Endilikda qishloq xo‘jaligida klaster usuli joriy etilgach, tadbirkorlar o‘zlari mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Bu juda samarali usul. Chunki, tadbirkor ishlab chiqargan mahsulotiga javobgar bo‘ladi, mahsulotning sifati ortadi va bozorga raqobatbardosh mahsulot chiqadi. Raqobat bo‘lgan joyda esa narx pasayadi.

Korxonaga yangi texnologiya olib kirish orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini kengaytirish imkoniyati mavjud. Ayni paytda bu yerdagi texnologiyalar eskirgan.

Korporativ boshqaruv hozirgi kunga kelib korxonalarni boshqarishning nafaqat zamonaviy falsafasiga, balki samaradorlikni ta’minlaydigan muhim texnologiyasiga aylanib ulgurdi. Ushbu boshqaruv usulining asosiy maqsadi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashdan iborat. Press-tur ishtirokchilari aynan mana shunday boshqaruv usuli samarali qo‘llanilib kelinayotgan “Biokimyo” aksiyadorlik jamiyatida ham bo‘ldi.

340 nafardan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxonada iste’mol va texnik spirti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

“Biokimyo” aksiyadorlik jamiyatida 2016 yildan boshlab korporativ boshqaruv kodeksiga rioya qilish majburiyati qabul qilingan. Har chorakda jamiyat korporativ boshqaruv tizimi darajasi va ijroiya organi samaradorligining muhim ko‘rsatkichlari baholanadi va natijalari rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinadi.

Korxona mutaxassislarining qayd etishicha, moliyaviy hisobotdagi oshkoralik faoliyatning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Asosiysi, korrupsiyaga barham beradi. Har yili qancha dividend olayotgani, bu dividendlar qay tartibda berilishi – barchasi nazorat qilinadi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA