Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilorom Mirzajahonovaning xabar berishicha, 2025 yilda “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida vazirlik funksiyalarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish bo‘yicha 10 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan. Ulardan 5 tasi yangi axborot tizimlarini joriy etishga qaratilgan.
Yirik loyihalar orasida davlat-xususiy sheriklik sohasini raqamlashtirish, byudjet xarajatlarini boshqarish uchun “Passport budget” tizimini yaratish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ichki yo‘llar holatini nazorat qilish platformalarini ishlab chiqish kabi tashabbuslar bor. Shuningdek, yirik davlat korxonalarining davlat xaridlari bo‘yicha rejalarini, xarid jarayoni va shartnomalar ijrosini o‘z ichiga olgan maxsus modul yaratilishi rejalashtirilgan. Vazirlikning bir qator axborot tizimlari ham takomillashtiriladi.
Shu bilan birga, davlat subsidiyalari bo‘yicha 2 ta subsidiyaning arizalar berish va ko‘rib chiqish jarayonlari elektronlashtirilib, 20 dan ortiq subsidiyalarning esa to‘lov jarayonlari raqamlashtiriladi. Yana qo‘shimcha 1 ta davlat xizmati, ya’ni “Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish” xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Axborot tizimlarini yaratish va takomillashtirish natijasida bir qator islohotlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Byudjet tashkilotlari, ularning faoliyati, filiallari va moddiy-texnik bazasi haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tashabbus qilish, ishlab chiqish, ko‘rib chiqish va kelishish jarayonlari raqamlashtiriladi. Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish haqidagi arizalar davlat xaridlari maxsus portalida e’lon qilinadi.
–Respublikadagi ichki yo‘llarni ta’mirlash va moliyalashtirish jarayonlari raqamlashtiriladi. Qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishda davlat subsidiyalarini ajratish jarayonlari shaffoflashtiriladi va inson omili kamaytiriladi. Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalarning to‘lov muddati 4-6 soatdan 20-30 daqiqagacha qisqartiriladi.
Bundan tashqari, vazirlikda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari ham olib borilmoqda. Xodimlarning sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun o‘quv dasturlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari ishtirokida vazirlik faoliyatini raqamli transformatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda, – dedi D.Mirzajahonova.
N.Ziyodullayeva, O‘zA