Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar dunyoda iqtisodiy va sanoat salohiyatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Mazkur sohada ilg‘or tajribalarni o‘rganish va hamkorlikni rivojlantirish bugungi kun talablaridandir.
Hindistonda bo‘lib o‘tayotgan “India AI Impact Summit 2026” sammit shunday maqsadlar bilan uzviy bog‘liqdir. Ko‘plab davlatlardan vakillar qatnashayotgan ushbu xalqaro tadbirda sun’iy intellektni boshqarish va uni amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Ahamiyatli jihati, sammitda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ham qatnashyapti.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yarimo‘tkazgichlar va elektronika sohasini jadal rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Azizjon Akramov qayd etgandek, bu kabi muloqotlar soha ravnaqida muhim hisoblanadi.
– Men sammit doirasida o‘tkazilgan “Kelajakni moliyalashtirish: Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun sun’iy intellektga tayyor raqamli infratuzilmani yaratish” mavzusidagi panel sessiyada ishtirok etdim. U sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish uchun katta imkoniyat yaratdi. O‘zbekistonda yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasini rivojlantirish, raqamli infratuzilmani mustahkamlash va xalqaro tajribani joriy etish bizning ustuvor vazifamizdir. Shu sababli, bu kabi tadbirlar biz uchun yaxshi tajriba bo‘ladi, – dedi Azizjon Akramov.
Ayni paytda “India AI Impact Summit 2026” sammiti o‘z ishini davom ettirmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA