O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2024-2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Unga muvofiq, 2024-2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha samaradorlikni oshirish uchun davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Ular:
yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash;
o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish;
geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;
mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;
suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish;
qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlashlashdan iborat bo‘ladi.
Mazkur farmon bilan:
2024-2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi;
2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik sohasini rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
Dastur doirasida:
suv sathi rejimi monitoringi amalga oshiriladigan suv omborlarining sonini 50 taga yetkazish;
Qishloq xo‘jaligi ekin yerlari kesimida ekin yerlaridan foydalanishning joriy holatini, ekinlarning turlarini hamda haqiqatda ekin ekilgan maydonlarini to‘liq qamrab olish;
yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash ishlari bilan respublikaning barcha hududlarini qamrab olish;
o‘rmon bilan qoplangan barcha maydonlarning chegaralarini belgilash kabi ko‘rsatkichlarga erishish nazarda tutilgan.
2025 yil 1 martdan boshlab yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil "Geomonitoring" axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.
2024 yil yakuniga qadar respublikadagi barcha 2 573 ta noruda foydali qazilma konlarida haqiqatda qazilgan hajmni aniqlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida konlarning raqamli topoxaritasi yaratiladi.
O‘zA