Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiyot rivojida yosh tadbirkorlarning munosib oʻrni bor
19:04 / 2019-09-05

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.


Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Senat aʼzolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiyani viloyat hokimi Q.Tursunov olib bordi.

Kun tartibida belgilanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini oʻrganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mazkur masalada dastlab Oliy Majlis Senati aʼzosi Rahmatulla Nazarovning hisoboti tinglandi. Taʼkidlanganidek, Navoiy viloyati respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida alohida oʻrin tutadi. Ayniqsa, keyingi uch yil davomida viloyatning barcha sohalari, jumladan, iqtisodiyotida rivojlanish kuzatilmoqda. Bunda viloyatning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini aholi jon boshiga hisoblaganda respublika miqyosida Navoiy viloyati yetakchiligi bilan alohida ajralib turadi.

Jumladan, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmlari, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, kiritilgan investitsiyalar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi boʻyicha Respublikada 1-oʻrinda boʻlsa, koʻrsatilgan xizmatlar hamda chakana savdo aylanmasi hajmi boʻyicha 2-oʻrinni egallab, ushbu yoʻnalishda Respublikaning lokomotivi boʻlib kelmoqda.

Buning asosiy negizida, viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlarning yoʻlga qoʻyilganligi muhim omillardan biridir.

Jumladan, viloyatda 2019-yil yakuniga qadar yangidan tashkil qilinadigan kichik biznes subyektlarini 2018-yilga nisbatan 4 barobarga oshirish va ularning sonini 7 ming 71 taga yetkazish belgilangan. Joriy yilning 1-sentyabr holatiga viloyatda 4 ming 312 ta kichik biznes subyektlari tashkil etildi.

Bugungi kunda viloyatda 15 ming 291 ta yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib shundan 13 ming 84 tasini kichik biznes subyektlari tashkil etadi.

Hozirgi kunda ish bilan band boʻlgan aholining asosiy qismi, yaʼni 47 ming 189 nafari aynan kichik biznes subyektlarida mehnat qilib kelmoqda. Birgina joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida kichik biznes subyektlari tomonidan 9 ming 851 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

Viloyatda 2019-2020-yillarga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturi doirasida jami 26,3 trillion soʻmlik 511 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, hozirda 430 ta loyiha boʻyicha tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlarining 1,6 trillion soʻmlik mablagʻlari oʻzlashtirilgan. Bugungi kunda 230 ta loyiha ishga tushirilib, 2,3 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgan.

Bundan tashqari, maxsus shakllantirilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatning sanoat salohiyatini rivojlantirish boʻyicha Dastur ishlab chiqildi.

Xususan, 2019-2022-yillarda viloyatda sanoat yoʻnalishida 77 trillion 245 milliard soʻmga teng boʻlgan 306 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shundan, qoʻshimcha 13 trillion 386 milliard soʻmlik 195 ta loyihalar aniqlangan. Bundan tashqari, qiymati 22,5 trillion soʻmlik 33 ta qoʻshimcha istiqbolli loyihalar roʻyxati ham shakllantirilgan.

Joriy yilda viloyatga 45 ta loyihalar boʻyicha 80,5 million AQSH dollarilik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritilib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 baravarga oshgan.

Viloyatda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida 2019-yilga moʻljallangan dastur shu kunga qadar viloyatda 48,9 foizga bajarilgan.

Viloyatning eksport salohiyatini oshirish koʻp jihatdan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatiga ham bogʻliq. Davlatimiz rahbari Farmoni bilan Navoiy viloyati hududi 2030-yilga qadar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilandi.

Hozirgi kunda viloyatda jami 71,2 gektar yer maydonida 8 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilgan. Ularda umumiy loyiha soni 95 ta boʻlib, investitsiyalar miqdori 102 milliard soʻmga yetdi.

Viloyat foydali qazilmalarga boy hududlardan hisoblanib, hozirgi kunda ushbu qazilma boyliklaridan foydalanish darajasini oshirish choralari koʻrilmoqda. Xususan, viloyatda hozirgi kunda jami 120 ta foydali qazilma konlari roʻyxatga olingan boʻlib, shundan 69 tasi oʻzlashtirilgan.

Sessiyada tadbirkorlik yoʻnalishiga masʼul vazirlik va tuzilmalarning hududlardagi boshqarma va boʻlimlari hudud manfaatlarini respublika darajasida ilgari surishga yetarlicha eʼtibor qaratmayotganligi alohida taʼkidlandi. Ular aksariyat hollarda kunlik masalalar, jumladan, hisobot va jadvallar toʻldirish bilan ovora boʻlib, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif va tashabbuslar koʻrsatmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, bu borada mahalliy Kengashlar deputatlari ham faol boʻlishi, oʻz faoliyatida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratishi, ularning muammolari asosida tegishli tuzilmalarga qatʼiy deputatlik soʻrovlari bilan chiqishi, kichik biznes rivojiga toʻsiq boʻlayotgan har qanday muammo va aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga nisbatan birinchilardan boʻlib munosabat bildirishlari zarurligi taʼkidlandi.

Sessiyada soʻzga chiqqanlar qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat tashkilotlarini jalb qilgan holda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq choralarni belgilab olish hamda ularning oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish lozimligini taʼkidladi. Xususan, masʼul tuzilmalarni jalb qilgan holda faoliyati toʻxtab qolgan tadbirkorlik subyektlarining aniq roʻyxatini shakllantirib, kelgusida ular ishini qayta yoʻlga qoʻyish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi aytib oʻtildi.

Sessiyada koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining qarori qabul qilindi.

Shuningdek, sessiya yakunida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit asosida faoliyatini yoʻlga qoʻygan bir guruh yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.