Amerikalik olimlar Daron Acyemog‘lu, Massachusets texnologiya institutidan Saymon Jonson va Chikago universitetidan Jeyms Robinson iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi olti kunlik marosim yakunida aynan shu yo‘nalish g‘oliblarini e’lon qildi.
Sovrin institutlar qanday shakllanishi va farovonlikka ta’sir qilishi bo‘yicha tadqiqot olib borgan mutaxassislarga berildi.
– Bu yilgi munosiblar davlat institutlarining farovonlik yo‘lidagi ahamiyatini ko‘rsatdi, – deyilgan matbuot xabarida. – Qonun ustuvor bo‘lmagan jamiyatlar va aholini ekspluatatsiya qiladigan institutlar o‘sish yoki ijobiy o‘zgarish qayd etmaydi. Mazkur tadqiqot ayni holat sababini tushunishga yordam beradi.
2023 yil iqtisodiyot bo‘yicha ushbu nufuzli sovrinni mehnat bozoridagi ayollar holatini tadqiq qilgan amerikalik Klaudiya Goldin qo‘lga kiritgan.
Nobel mukofoti dunyo bo‘yicha eng nufuzli xalqaro e’tirof sifatida har yil ajoyib ilmiy tadqiqot, inqilobiy ixtiro, madaniy yoki ijtimoiy taraqqiyotga qo‘shilgan ulkan hissa uchun topshiriladi. 1900 yil 9 iyunda asos solingan jamg‘arma shved kimyo muhandisi, ixtirochi va sanoatchi Alfred Nobel nomi bilan atalgan.
Taqdirlash jarayonidan oldin yil davomida butun dunyo bo‘ylab ko‘plab tashkilotlar tomonidan qator ishlar amalga oshiriladi. Laureatlarning yakuniy tanlovi Shvetsiya Qirolligi Fanlar akademiyasi, mamlakat akademiyasi, Karolinska instituti Nobel assambleyasi va Norvegiya Nobel qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladi.
Mukofot bilan 1901 yildan buyon fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot, iqtisodiyot, tinchlikni targ‘ib qiluvchi faoliyatda erishilgan ulkan yutuqlar e’tirof etiladi.
G.Sattorova,
O‘zA