Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy zona: ishlab chiqarish hajmi va eksport oshmoqda
10:33 / 2020-07-09

Pandemiya sharoitidagi qiyinchiliklarga qaramasdan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda ishlab chiqarish pasaymadi.


Pandemiya sharoitidagi qiyinchiliklarga qaramasdan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda ishlab chiqarish pasaymadi. 2020-yilning oʻtgan besh oyida hududdagi korxonalar tomonidan 238,1 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 4,5 million dollarilik mahsulot eksport qilindi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 2015-2019-yillarda 128,1 million AQSH dollarilik 15 ta loyiha amalga oshirilgan edi. Shu davrda hududdagi korxonalarda 1 trillion 566,7 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. 35,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Birgina oʻtgan 2019-yilning oʻzida 604,2 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 16,5 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilindi.

– Keyingi yillarda erkin iqtisodiy zonaga investitsiya kiritish faollashdi, –deydi “Jizzax” EIZ direksiyasi rahbari Moʻmin Zoirov. – Ayni paytda hududda umumiy qiymati 250,8 million dollar boʻlgan 20 ta loyiha amalga oshirilayotir. 2019-2020-yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan loyihalarga 117,8 million dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi. Yangi loyihalar doirasida 2 ming 798 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi belgilangan.

Shu kunlarda erkin iqtisodiy zonada umumiy qiymati 179,5 million AQSH dollari boʻlgan 4 ta loyihani amalga oshirish boʻyicha ish olib borilayotir. Ushbu loyihalar doirasida 784 ta ish oʻrni yaratiladi.

Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turini koʻpaytirishda erkin iqtisodiy zonadagi korxonalar hissasi salmoqli boʻlmoqda. Oʻtgan davr mobaynida erkin iqtisodiy zona hududidagi korxonalarda tormoz kolodkalari, televizor, konditsioner, muzlatkich, changyutgich, kir yuvish mashinasi, mikrotoʻlqinli pech, svetodiod chiroqlar, polepropilen iplar, video va IR telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, internet tezligini oshiruvchi butlovchi qismlar kabi oʻnlab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Ayni paytda EIZ dagi korxonalarda 3 ming 100 nafardan koʻproq kishi mehnat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-avgustdagi “Jizzax viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra “Jizzax” EIZga istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun Sharof Rashidov, Paxtakor, Arnasoy va Zomin tumanlaridan jami 182,1 gektar yer ajratib berildi. Bu tumanlarda yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi qishloq hududlari iqtisodiyotini rivojlantirishga, pirovard natijada aholining turmush farovonligini oshirishga muhim hissa boʻlib qoʻshiladi.