Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy yuksalish yo‘lida
12:57 / 2024-12-27

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Markaziy kon boshqarmasi mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yetakchi korxonalardan. O‘tayotgan yilni sarhisob qilar ekanmiz, kon boshqarmasida ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulot hajmini oshirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash, zavod va konlarni zamonaviy texnika va transport vositalari bilan ta’minlash, ishchi-xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligining guvohi bo‘lamiz. Bu haqda boshqarma direktori Elmurod Holiqulov quyidagilarni gapirib berdi:

– Bugungi kunda boshqarmamiz bo‘linmalarida turli millat vakillari bir oila, bir jamoa bo‘lib mehnat qilmoqda. Tashabbuskor, sahroning ekstremal sharoitida toblangan, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan mutaxassislarimiz texnik, texnologik yangilanish, modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish dasturlarini amalga oshirib kelayotir. Quvonarlisi, jamoamiz yosharib, safimizga qobiliyatli, mas’uliyatli yoshlar kelib qo‘shilmoqda.  

“Muruntov” konidagi keng qamrovli istiqbolli investitsiyaviy loyihalar muvaffaqiyati haqida gapirib o‘tish o‘rinli. So‘nggi yillarda oltin ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan loyihalardan biri – “Muruntov” koni beshinchi navbatining ochilishidir. Konchilik sohasida dunyo miqyosidagi eng so‘nggi ishlanmalar qo‘llanilayotgan bu loyihaning amalga oshirilishi konda yana uzoq yillar ma’dan qazib chiqarishni ta’minlash hamda 2-gidrometallurgiya zavodida qayta ishlash hajmini 50 million tonnaga yetkazish imkonini berdi. 2013 yilda mazkur kondan rejalashtirilgan 44 million 135 ming kubometr tog‘ jinslari qazib olingan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatgich 115 million kubometrni tashkil etdi. 2024 yilda esa 124 million kubometrdan oshdi.  

“Muruntov” konining chuqurligi kengayishi natijasida qazib olinayotgan kon massalarini doimiy va vaqtinchalik saqlash joylariga yetkazishda ish samaradorligini oshirish, vaqt hamda xarajat miqdorini qisqartirish maqsadida 1984 yildan buyon davriy oqimli texnologiya majmualaridan keng foydalanib kelinmoqda. Ayni paytda ham konda manzilli dastur doirasida Shimoliy-sharqiy davriy oqim texnologiyasi majmuasi hamda 2-konveyr liniyasini kengaytirish, elektr liniyalari, qo‘shimcha ag‘darma maydonini qurish, ag‘darma konveyr liniyasini 1,1 ming metrga uzaytirish ishlari davom etmoqda.  

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 noyabrdagi 907-qarori bilan “Muruntov” konini o‘zlashtirish 5-navbat. 1 bosqich” loyihasi texnik iqtisodiy asosi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra loyihani amalga oshirish 2016-2026 yillarga mo‘ljallangan. Loyihaning umumiy qiymati 733,9 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bugungi kunda loyiha doirasida qariyb 13,7 million AQSH dollari bo‘lgan “Muruntov” konining janubiy bortidagi 2-sonli maydalash-yuklash punktini chuqurlashtirish” ishchi loyihasi asosida qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – “Muruntov” konining quyi gorizontlarida tog‘-kon ishlarining susayishi, tog‘ jinslarining avtomobillarda tashish masofasining keskin oshishi va avtoag‘dargichlar taqchilligi muammolarini bartaraf etish va 2024-2026 yillarda davlat tomonidan belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratilgan.  

Tog‘ jinslarini konveyer liniyalar orqali tashish eng qulay, samarali va tejamkor imkoniyat ekani amalda isbotlangan. Bu hech shubhasiz, ish samaradorligini oshirish bilan birga, ishchi kuchi, vaqt, transport xarajatlarini, yoqilg‘i-moylash materiallarini tejash demakdir. Loyihaning to‘liq amalga oshirilishi yiliga 15 million kubometr tog‘ jinslarini tashish imkonini berish bilan birga, 1785 ta yangi ish o‘rnini ham yaratadi. E’tiborli jihati, konveyer liniyalari kombinatning Navoiy mashinasozlik zavodida to‘liq mahalliylashtirilgan holda tayyorlanmoqda.  

Katta hajmdagi yuk tashish texnikalari bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi bo‘lgan Avtomobil transporti boshqarmasining ish hajmi keyingi yillarda bosqichma-bosqich modernizatsiyalash hisobiga kengayib bormoqda. Bugungi kunda boshqarmada 500 ga yaqin BelAZ, Caterpillar, Komatsu, UzXCMG, Volvo, Dressta, Manitou va dunyoning boshqa mashhur korxonalarida ishlab chiqarilgan og‘ir yuk ko‘taruvchi kon avtotransporti, yo‘l-qurilish texnikasi va yordamchi transport vositalaridan foydalanib kelinmoqda. Shu bilan birga, ma’nan eskirgan, iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lmagan texnikalar zamonaviy, yuqori texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ega tog‘-kon texnikalariga bosqichma-bosqich almashtirilmoqda. 2024 yilda 16 ta “BelAZ-7513” rusumli 136 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega avtoag‘dargichlar bosqichma-bosqich 220 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatga ega, “CAT-793D” rusumli zamonaviy texnikalariga almashtirilgan bo‘lsa, 10 ta yangi Komatsu 860E-1K rusumli, yuk ko‘tarish quvvati 254 tonna bo‘lgan avtoag‘dargichlar olib kelindi. Xuddi shunday texnikalarning yana 12 tasi keltirilish arafasida.  

“Turbay konlarini o‘zlashtirish uchun qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish” investitsion loyihasi doirasida Xumsoy karerlarida ochish-qazish ishlari olib borilmoqda. “Turbay” konini o‘zlashtirish bo‘yicha 50 kilometrlik temir yo‘l liniyasi qurildi, yangi avtogarajlar tuzildi.  

Konda elektr energiya sarfini kamaytirishda muhim o‘rin tutadigan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uchun quvvati 1 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari rejalashtirilgan.  

“Auminzo-Amantoy” koni hududidagi transport sexida esa avtotransport vositalarini ta’mirlashga mo‘ljallangan yangi bino va inshootlar qurildi.  

Shuningdek, Temir yo‘l transporti boshqarmasi parki yangilanib, zamonaviylashtirilmoqda. Ushbu maqsadda birgina 2017-2022 yillarda umumiy qiymati 588 milliard so‘mlik kon texnikalari xarid qilindi. Temir yo‘l transporti boshqarmasi texnikalari safi yana 4 ta seksiyadan iborat teplovozlar hisobiga oshdi. Rossiya Federatsiyasining “Sharqiy” logistika kompaniyasidan 258 milliard so‘mga xarid qilingan bu texnikalar temir yo‘l sohasining eng so‘nggi rusumdagi avlodiga mansub bo‘lib, yuqori quvvatga ega, tejamkor va zamonaviyligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda boshqarma temiryo‘lchilari sutkasiga “Muruntov” konidan 2-gidrometallurgiya zavodiga tarkibida oltinga boy 147 ming tonnadan ortiq ma’danni yetkazib bermoqda.  

Keyingi yillarda 2-gidrometallurgiya zavodida ham oltin ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan strategik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Yangi, zamonaviy asbob-uskunalarni joriy etish hisobidan tayyor mahsulot hajmini oshirishga erishilmoqda. Ayni paytda zavodda 78 ta tegirmon yordamida kuniga 150 ming tonnagacha ma’dan qayta ishlanmoqda. So‘nggi to‘rt yil mobaynida zavodning maydalash sexida to‘qqizta tegirmondan iborat beshta yangi tegirmon bloklari ishga tushirildi.  

Investitsion loyihalarni ro‘yobga chiqarish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda Tashqi suv ta’minoti birlashgan energoxizmatining ham o‘z o‘rni bor.  

Ayni kunlarda “Amudaryo-Zarafshon” suv quvurining uchinchi suv tarmog‘ini tortish va nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Qurilish-montaj ishlari 2017 yilda Zarafshon qurilish boshqarmasi ishchi-xodimlari tomonidan boshlanib, hozirgacha 157,3 kilometr uzunlikdagi metall quvurlar o‘rnatildi.  

O‘ylaymizki, 2025 yilda ham jamoamiz o‘zining samarali faoliyati bilan mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishiga hissa qo‘shishda davom etadi.  

Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi