Poytaxtimizda “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusida yuqori darajali uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zA muxbiri anjumanda ishtirokchilari – mahalliy va xorijiy delegatlar fikrlarini yozib oldi.
Mariya Fernanda Espinosa, BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi raisi, Ekvadorning sobiq (2017-2018 yillar) tashqi ishlar va mudofaa vaziri:
– Dunyomiz misli ko‘rilmagan muammolar, favqulodda vaziyatlarga duch kelgan bir payt biz O‘zbekistonda yig‘ildik. Yaqinda e’lon qilingan 2025 yilgi “Barqaror rivojlanish maqsadlari” hisobotiga ko‘ra, BRMning faqat bir qismi to‘g‘ri yo‘nalishda, 48 foizi juda sekin harakatlanmoqda, ayrim sohalarda sustlashish kuzatilyapti. Bu global rivojlanish bilan bog‘liq favqulodda holatni ifodalaydi.
Statistika yer yuzidagi 800 milliondan ortiq odam o‘ta qashshoqlik va ochlik qamalida qolgan. 2024 yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ldi, 120 milliondan ko‘p odam, asosan, iqlim o‘zgarishi tufayli o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
Bu raqamlar shunchaki ma’lumot emas, balki shoshilinch harakatga, birdamlik, pragmatik sheriklik va xavfli tendensiyalarni bekor qiladigan, 2030 yilgi kun tartibidagi va’dalarni amalga oshiradigan shoshilinch jamoaviy sa’y-harakatga chaqiriqdir.
Ayrim mintaqalardagi doimiy tengsizlik tufayli inson salohiyati cheklanishi davom etyapti. Shuning uchun ham ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘ini inklyuziv rivojlantirish va takomillashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. Past va o‘rta daromadli mamlakatlarda qarzga xizmat ko‘rsatish xarajati rekord darajadagi 1,4 trillionga yetdi va bu bizning global janub mamlakatlarimizda barqaror rivojlanish uchun zarur bo‘lgan resurslarni siqib chiqardi.
Aytish joiz, mintaqaviy va ko‘p tomonlama hamkorlikka ehtiyoj bisyor. Hech bir davlat yoki muassasa murakkab muammolarga alohida javob bera olmaydi.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning Yevrosiyodagi o‘zgarishlar ko‘prigi sifatida shakllanayotgan yetakchiligi e’tirofga loyiq. Respublika Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida madaniyatlar va davlatlar o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida tobora kuchaymoqda. Bu milliy islohot, strategik qarash va xalqaro hamkorlik uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatish uchun qanday birlashish mumkinligi ifodasidir.
“O‘rta yo‘lak” tashabbusi bog‘lanish paradigmasini o‘zgartiradi, energiya xavfsizligini oshiradi, savdoni diversifikatsiya qiladi va mintaqadagi millionlab odamlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. So‘nggi ikki yil davomida ushbu kun tartibi Yevropa Ittifoqi va xalqaro institutlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, barqaror aloqani rivojlantirish uchun ulkan resurslar ajratilmoqda.
Toshkentdagi oliy darajali uchrashuv kelgusi yillar uchun hamkorlikning ishchi vektorini belgilab beradi. Markaziy Osiyoning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi strategik, transport, logistika va energetika xabi sifatidagi rolini mustahkamlaydi hamda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa o‘rtasidagi sheriklikning beqiyos salohiyatini yuzaga chiqaradi.
Bahromjon Sotiboldiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i:
– O‘zbekiston oxirgi yillarda olib borayotgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi tashabbuskorona, konstruktiv tashqi siyosat, ilg‘or tamoyillarga asoslangan prinsipial tanlangan yo‘l shaksiz o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgan Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro birodarlik, bir-birini anglash va pragmatik, do‘stona siyosat yuritish natijasida hozir mintaqada yuzaga kelgan barqarorlik holati dunyoning boshqa mintaqalari va davlatlari e’tiborini jalb qilyapti.
Xususan, oxirgi yillarda O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati ittifoqchilik darajasiga chiqqani, davlatlarimiz yetakchilari o‘rtasida shakllangan mustahkam do‘stlik, mintaqani o‘zaro bog‘lash yuzasidan olib borilayotgan izchil, birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida o‘zaro aloqalar o‘ta jadallik bilan, tizimli ravishda rivojlanayotganiga guvohmiz.
Toshkent forumida ishtirok etayotgan xalqaro ekspertlar fikriga e’tibor bersak, O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilarining ikki mintaqadagi barqarorlikni, o‘zaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga astoydil intilishi hozir dunyoda kuzatilayotgan global beqarorlik, bir-birini anglamaslik yoki fikrlarni inobatga olmaslik tufayli xalqaro huquq tamoyili poymol qilinayotgan bir paytda, davlatlar yoki mintaqalar aro munosabatning ibratli ko‘rinishi sifatida baholanayotganini anglab yetamiz. Bu barchamizni juda quvontiradi, albatta.
Vatanimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishda nafaqat milliy, balki mintaqadagi qolgan mamlakatlarning ham manfaatini inobatga olgan holda harakat qilyapti. Ma’lumki, mintaqamizdagi ko‘pgina davlatlar dengizga chiqish imkoniga ega emas. Shu bois endi muqobil savdo tizimi va ishlab chiqarilgan mahsulotni dengiz portlariga olib chiqishning qisqa, maqbul yo‘llarini tanlash siyosati olib boryapmiz. Diversifikatsiya natijasida Bokuning tranzit imkoniyatidan keng foydalangan holda, biz Ozarbayjon orqali Kavkazga, Qora dengiz orqali Yevropaga chiqish imkoniyatini qidiryapmiz.
Albatta, Ozarbayjon tomoni bu intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘z infratuzilmasi, transport imkoniyatidan foydalanishimiz uchun keng imkoniyat yaratyapti. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham ushbu qardosh o‘lka sarmoyasini yurtimiz iqtisodiyotiga keng jalb qilmoqda. Yoki Ozarbayjondagi hozirgi tiklanish jarayonida O‘zbekiston faol ishtirok etayotgani o‘zaro almashinuv va hamkorligimizni rivojlantirishga sezilarli ijobiy turtki beryapti.
Qolaversa, savdo-sotiq o‘sishi, iqtisodiy hamkorlik rivojlanishidan nafaqat xalqlarimiz, balki ikki mintaqa manfaati ham nazarda tutilgan.
O‘.Alimov tayyorladi.
O‘zA