Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy taraqqiyot samaralari namoyishi
20:18 / 2015-09-16

«O‘zekspomarkaz»da «UzEnergyExpo – 2015» energetika, energiyani tejash, yoritish, elektrotexnika hamda «UzStroyExpo – 2015» qurilish, isitish, ventilatsiya, quvurlar va fitinglar xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi.

«O‘zekspomarkaz»da «UzEnergyExpo – 2015» energetika, energiyani tejash, yoritish, elektrotexnika hamda «UzStroyExpo – 2015» qurilish, isitish, ventilatsiya, quvurlar va fitinglar xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi. 

Tadbir Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «O‘zbekenergo», «O‘zqurilishmateriallari», «O‘zmaxsusmontajqurilish» aksiyadorlik jamiyatlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika instituti, «O‘zkommunxizmat» agentligi, «IEG Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. 

Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Belarus, Germaniya, Italiya, Eron, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Ukraina kompaniyalari ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmalarning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda barcha sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari, jumladan, energetika va qurilish sanoatini jadal rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish borasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Energiya tejash, yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya ishlab chiqarishda yangi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Shamol, quyosh, gidroenergetika kabi tiklanadigan energiya manbalari rivojini va quyosh-issiqlik elektrostansiyalarini joriy qilish borasida investitsiya dasturlari amalga oshirilmoqda.

14c.JPG
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning joriy yil 4-martdagi «2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2019-yilgacha umumiy qiymati 3,2 milliard dollardan ortiq 13 investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Resurs tejamkor bug‘-gaz qurilmalar va quyosh energiyasidan foydalanishning zamonaviy, sinalgan texnologiyalarini keng joriy etish asosida mavjud quvvatlarni modernizatsiyalash, yangilarini barpo etish bo‘yicha loyihalar shular jumlasidandir.

“UzEnergyExpo – 2015” ko‘rgazmasida past va yuqori voltli uskunalar, kabellar, izolyatorlar, transformatorlar, elektr-montaj jihozlari, yoritgichlar, yorug‘lik o‘lchash asboblari, zamonaviy transport texnologiyalari, himoya vositalari, nazorat tizimlari va texnik xizmat ko‘rsatishga oid ko‘plab mahsulotlar namoyish etilmoqda. «Sendrilion», «High Light Technology», «Hi-Tech Kabel», «Metal-Polymer Technologies», «TOJDOR ZAMIN» singari kompaniyalar tomonidan elektr generatorlari, mobil elektr stansiyalar, optik tolali kabellar, polimer izolyatorlari, elektr iste’molini masofadan nazorat qilish va hisobga olish tizimlari, energiya tejamkor texnologiyalar namoyish etilmoqda.

– Mamlakatimiz iqtisodiy tarmoqlari va ijtimoiy hayotida energiyani tejaydigan texnologiyalar va tizimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi «Vico» korxonasi marketing bo‘yicha direktori Doniyor Rahimov. – Korxonamiz energiya tejovchi LED rusumli lampalarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirmoqda. Hozirgi vaqtda mahsulotlarimizning 70 foizini shu turdagi lampalar tashkil etib, ular xorijga eksport ham qilinmoqda. 

Yarmarkada «AKSA Jenerator San. A.S.» (Turkiya), «STARPOWER S.r.l.» (Italiya), «TELLHOW» (Xitoy) kompaniyalari benzin, dizel, gaz, elektr generatorlari, mobil elektr stansiyalarining keng assortimenti bilan ishtirok etayotgan bo‘lsa, quvvat uzatish va pechli transformatorlar uchun almashib ulanadigan qurilmalar va boshqa bog‘lamalarni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda peshqadam MR kompaniyalari guruhi (Germaniya) transformatorlarni modernizatsiyalashda zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarni namoyish etmoqda. 

– O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda, – deydi MR kompaniyalari guruhi vakili Vadim Gontaryov. – Buni mazkur xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish qilinayotgan mahsulotlar, taklif etilayotgan xizmatlar sifati yuqoriligi va turining ko‘pligidan ham ko‘rish mumkin. Bu Prezident Islom Karimov rahnamoligida olib borilayotgan oqilona iqtisodiy siyosat samarasidir. Shu bois mamlakatimizdagi ko‘plab kompaniyalar O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan izchil hamkorlik o‘rnatmoqda. Ushbu tadbir o‘zbekistonlik sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi shartnomalar tuzish imkonini berayotganidan mamnunmiz.

Mamlakatimiz qurilish sanoatida barqaror o‘sish sur’atlari qayd etilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida sanoat korxonalari tomonidan 2,11 trillion so‘mlik qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,3 foizga ko‘pdir. 

«UzStroyExpo – 2015» ko‘rgazmasida ishtirok etayotgan ishlab chiqaruvchilar safi yanada ortgani bilan e’tiborga loyiq. Eronning «Towzingar», Janubiy Koreyaning «Navien Energy», «Kiturami» kompaniyalari stendlari tashrif buyuruvchilarda qiziqish uyg‘otmoqda. 

Ko‘rgazmada namoyish qilinayotgan «Binokor temir-beton servis» korxonasining temir-beton buyumlari, «Grand art ceramis» korxonasining santexnika mahsulotlari, «Flammata» korxonasining pardozlash ishlarida qo‘llaniladigan shisha mozaika mahsulotlari, «Woodman group» korxonasining laminatsiyalangan pol qoplamalari mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish mahsulotlari turlari tobora ko‘payib borayotganini ko‘rsatadi.

Mazkur ko‘rgazmalar yurtimiz korxonalari uchun o‘z mahsulotini sanoat sohalari mutaxassislarining keng doirasiga va iste’molchiga taqdim etishda qulay imkoniyatlar yaratsa, xorijiy kompaniyalarning ishtiroki mamlakatimizga yuqori texnologik uskunalarni jalb etishga xizmat qiladi.