Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy sudlarda kredit shartnomasi va shunga oid munosabatlarda nizolarni ko‘rib chiqishning dolzarb jihatlari nimada?
10:15 / 2022-04-21

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga 2022 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 mart kuni holatiga ko‘ra banklar tomonidan 319 ta umumiy tartibda ariza va da’vo arizalar kelib tushgan.

Arizalar tahlil etilganda, 2 ta bankrot deb e’tirof etilgan, 5 ta boshqa sudga yuborilgan, 7 ta ish yuritish tugatilgan, 19 ta ko‘rmasdan qoldirilgan, 6 ta qabul qilish rad etilgan, 67 ta qaytarilgan, 45 ta qisman qanoatlantirilgan, 10 ta rad etilgan, 103 ta to‘liq qanoatlantirilgan, 47 ta ko‘rib chiqish jarayonida, 8 ta ish esa O‘zbekiston Respublikasi IPK talablari asosida to‘xtatilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston SSP va uning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan so‘nggi 3 oyda 2 065 ta da’vo arizalari kiritilgan bo‘lsa, shundan 290 ta da’vo arizalari banklar manfaatida kiritilgandir.

Bu haqda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tashabbusi bilan «Iqtisodiy sudlarda kredit shartnomasi va undan kelib chiqadigan munosabatlarga oid nizolarni ko‘rib chiqish amaliyoti» mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Tadbirning asosiy maqsadi iqtisodiy sudlarda kredit shartnomasi va undan kelib chiqadigan munosabatlarga oid nizolarni ko‘rib chiqishning dolzarb masalalari, kredit munosabatlarining to‘laqonli ishtirokchisi sifatida tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sudlarning o‘rni hamda kredit shartnomalari yuzasidan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha da’vo arizani sudga taqdim etishda tijorat banklarining mas’uliyatini oshirishning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishdir.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent shahar sudi raisi, rais o‘rinbosari, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining raisi va sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toshkent shahar Bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tijorat banklari, O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari va blogerlar ishtirok etishdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xojaqulov, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari M.Saidov, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Nuriddin Murodov, Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Xadjizadayevlar so‘zga chiqdi.

Mas’ullar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiy sud va bank faoliyatining roli haqida gapirib, bank faoliyatiga oid nizolarni ko‘rib chiqish mexanizmini takomillashtirish, bank muassasalari tomonidan beriladigan bunday da’volarni sudga taqdim etgunga qadar nizoni sudgacha hal etishning barcha imkoniyatlaridan foydalanish zarurligini ta’kidladi. Bundan kelib chiqib, tegishli qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritish masalasi mavjudligini bildirishdi.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi M.Muhitdinov iqtisodiy sudlarga 2021 yil va 2022 yilning 1-choragi davomida bank muassasalari tomonidan taqdim etilgan da’vo ariza va arizalarning ko‘rib chiqilishi va natijalari to‘g‘risidagi tahliliy-statistik ma’lumotlarga to‘xtalib, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularning yechimi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

2021 yil va 2022 yil 1-choragi davomida bank muassasalari ishtirokida ko‘rilgan iqtisodiy ishlar va eng asosiysi, bunday nizolarni ko‘rib chiqishda uchrayotgan muammolar muhokama qilindi.

Amaliy muloqotning asosiy muddaosi ham aynan tadbirkorlar bilan bank muassasalari o‘rtasida nizo yuzaga kelganda, avvalo tadbirkorlar bilan nizoni ijobiy hal etish choralarini ko‘rish, ular bilan nizoli vaziyatni yuzaga kelish sabablarini chuqur o‘rgangan holda kelgusida bunday nizoli vaziyatga kelmaslik choralarini ko‘rish lozimligini e’tirof etishga qaratildi.

Shuningdek, bank muassasalari nizoni hal etishda sud organlariga murojaat qilishlari oxirgi chora sifatida qarashlari lozimligi, yuzaga kelgan nizoli vaziyatda qarzdorni qarzni undirishda, mol-mulkiga qaratishda esa tadbirkorni faoliyatini to‘xtatib qo‘yish darajasiga bormasdan tadbirkorga (qarzdorga) yana bir bor imkoniyat berish choralarini ko‘rish, ya’ni kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuvlar tuzish orqali nizoni hal etish lozimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakunda ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi IPK, O‘zbekiston Respublikasi FK, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi, "Bank siri to‘g‘risida»gi, “Lizing to‘g‘risida»gi,"Tijorat siri to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa amaldagi bank tizimiga oid qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sud organlari bilan bank muassasalari doimiy ravishda hamkorlik qilish va kelgusida joylarda tadbirkorlarning huquqiy ongini oshirish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarni ko‘paytirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

O‘zA