O‘tgan 2025 yil davomida parlament quyi palatasida islomiy bank faoliyatini joriy etish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida faktoring munosabatlarini rivojlantirish, fuqarolarga o‘z roziligisiz kredit rasmiylashtirilishini taqiqlash, firibgarlikka chek qo‘yish bo‘yicha kredit axboroti almashinuvi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlarni Hisob palatasi tomonidan tashqi auditdan o‘tkazgan holda kiritishni nazarda tutuvchi qonunlar muhokamadan o‘tkazildi.
Bu jarayonlar Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi mas’ulligida amalga oshirildi. Quyi palatada OAV vakillari uchun o‘tkazilgan ochiq muloqotda qo‘mitaning 2025 yilgi faoliyati yakunlari hamda joriy yildagi rejalari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida qo‘mita 27 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi. Ushbu hujjatlarni takomillashtirish maqsadida o‘tkazilgan ishchi guruhlar yig‘ilishlarida loyihalarga 647 ta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
[gallery-27340]
Qo‘mita ko‘rib chiqqan qonun loyihalarida jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, soliq munosabatlarida elektron tasdiqlashning boshqa usullaridan foydalanish masalalari o‘z aksini topdi.
Shu bilan birga, soliq organi ishtirokidagi soliqqa oid nizolar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilishi, qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish, davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirish, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, moliyaviy sanksiyalar summalarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish, foyda solig‘i bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash tartibini qo‘llash chegarasini oshirish kabi normativ-huquqiy masalalar aks ettirildi.
Muloqotda davlatimiz rahbarining o‘tgan yili Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy Kengashning kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqidan kelib chiqib, qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar haqida axborot berildi. Xususan, davlat xaridlarida korrupsiya omillarining oldini olish, shaffoflikni ta’minlash borasida bir qator takliflar tegishli idoralarga kiritilgani, ayrim takliflar amaliyotga va qonunchilikka joriy etilgani aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA