“Yashil” iqtisodiyot atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi. Ushbu yo‘nalish iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, davlatlar o‘rtasida “yashil”iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham aynan shu masalalar muhokamasiga ahamiyat qaratildi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, jumladan, ekologiya, barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va yashil loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish, shu jumladan, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni joriy etish muhim hisoblanadi. Shuningdek, ular havo ifloslanishining oldini olish, yashillashtirish jarayonlarini jadallashtirish va ekologik muhitni yaxshilash masalasi yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo‘nalishlari ham tahlil etildi. Tomonlar Xitoyning shimoli-g‘arbiy hududlari, jumladan, Gansu viloyatida joriy etilgan samarali tajribalardan o‘rnak olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Ular qum ko‘chishining oldini olishga qaratilgan (sand-fixation grid) tizimlarini qo‘llash va ushbu texnologiyalarning cho‘l va yarim cho‘l hududlarida ekologik vaziyatni yaxshilashdagi ahamiyatiga urg‘u berdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy yo‘nalishlarda samaradorlikni oshirish va ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan barqaror institutsional yechimlarni shakllantirishda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik amaliy ahamiyat kasb etadi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mazkur masalalar bo‘yicha samarali loyihalarni shakllantirish va fikr almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA