Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy rivojlanish omillari: Germaniya tajribasi misolida(+video)
18:53 / 2022-12-02

Har bir davlatning iqtisodiy o‘sishida sof raqobat muhim hisoblanadi. Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, xalqaro tajriba va puxta ishlab chiqilgan strategiyaning bunda alohida o‘rni bor.

Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishida xalqaro tajribalarni o‘rganish va ulardan foydalanish orqali milliy strategiyani ishlab chiqishga alohida ahamiyat berilmoqda.

O‘zA muxbiri “Xiaomi” kompaniyasining mamlakatimizdagi Marketing bo‘limi menejeri Oybek  QALANDAROV bilan iqtisodiy rivojlanish omillari haqida suhbatlashdi.

– Siz Germaniyada o‘qib, ishlagan iqtisodchi sifatida shu mamlakatning iqtisodiyot sohasidagi yutuqlari va tajribasi bilan o‘rtoqlashsangiz. 

– Men Germaniyaning Yena shahrida  Fridrix Shiller universitetida  iqtisodiyot sohasining innovatsiya yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlaganman. 

Germaniyadagi iqtisodiy o‘n yillikni oladigan bo‘lsak, faqat oldinga qarab harakat qilayotganini kuzatish mumkin. Negaki, bu davlatda sof raqobat yaxshi shakllantirilgan. 

1990 yillarda Germaniya iqtisodiyotida katta o‘zgarish bo‘ldi. Bu davr biotexnologiya sohasining rivojlanishi bilan bog‘liq. Bunda AQSHning yutuqlari sabab  Germaniya ushbu davlatga raqobatdosh bo‘lishni maqsad qildi.

Xo‘sh, Germaniyadagi iqtisodiy yutuqlar qaysi omillarga bog‘liq bo‘ldi, degan savol tug‘iladi. Bu juda oddiy. Germaniyaning har bir hududi markazida klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Klaster, boshqacha qilib aytganda, innovatsion xavflar yaratildi.  Mana shu innovatsion xavflar  bir-biri bilan raqobatga kirishgan, ya’ni  ichki mahalliy bozorda sof raqobat shakllantirilgan. Bu esa ushbu davlatda biotexnologiya sohasining rivojlanishiga olib keldi.

–Shu o‘rinda,  “biotexnologiya” so‘ziga izoh bersangiz.

–“Biotexnologiya”  so‘zi keng qamrovli bo‘lib, unda naqafat farmatsevtika, tibbiyot sohasi, balki tibbiyotda ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etadi. Bunda har bir qilingan innovatsiya patentlanadi. Bu juda muhimdir. Iqtisodiyot sohasi rivojida raqobat asosiy turtki bo‘lib, bu orqali insoniyat oldinga intiladi va bu harakatlar kelajakda yaxshi natija beradi.

Germaniyada men konsalting yo‘nalishida tadqiqotchi bo‘lib ishlaganman.  U yerda konsalting yo‘nalishi juda yaxshi rivojlangan. Butun dunyo bo‘yicha konsalting qiladigan firmamiz barcha sohalarni tadqiq qilib, o‘z maslahatini taklif etar edi. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, sutchilik. Har bir kompaniya shu sohadagi eng oxirgi yangiliklardan xabardor bo‘lishga harakat qiladi.  Biz bu ma’lumotlarni yig‘ib, taqdim etganmiz. 

Shuningdek, Germaniyada sanoat sohasini avtomatlashtirish yaxshi rivojlangan.  Har bir soha avtomatlashtirilgan.

– Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar olib borilayapti. Shunday jadal o‘zgarishlar jarayonida Germaniya tajribasining qaysi jihatlarini qo‘llash maqsadga muvofiq, deb o‘ylaysiz?

– Hozirgi iqtisodiyotda ko‘proq  ochiq bozor va kapitalizm tizimida talab va taklifni ko‘rish mumkin. Talab va taklif asosan  nima asosida kelib chiqadi? Shuni o‘rganamiz. O‘zbekiston bu borada to‘g‘ri yo‘nalishni tanlagan.  bugungi maqsad esa tadbirkorlar orasida sof raqobatni riojlantirish, bu orqali yangi  innovatsiyalarga erishishdir.

Keyingi besh yillikda mamlakatda faqat o‘sishni  kuzatsak bo‘ladi. Lekin shu o‘rinda aytishim kerakki,  iqtisodiyot faqat importga asoslanmasligi kerak. O‘zbekistonda biotexnologiya, klasterlarni rivojlantirish, ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish kelajakda juda muhim, deb o‘ylayman.

Germaniya iqtisodiyotda uchta sohaga, ya’ni IT, tibbiyot  va muhandislik sohalariga katta e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, bu davlat ta’lim tizimini va boshqa sohalarni o‘rganib, o‘zimizda isloh qilsak yaxshi natija beradi, deb o‘ylayman.

– Siz “Xiaomi” kompaniyasining mamlakatimizdagi vakili sifatida faoliyat yuritasiz. Aytingchi, kompaniya mahsulotlarining O‘zbekiston bozorida o‘rni qanday? 

– Xitoyning “Xiaomi” kompaniyasi 2010 yilda tashkil topgan. U 2018 yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan.  Hozir hamkorlarimiz bilan birgalikda ishlayapmiz.  Maqsad O‘zbekiston bozoriga ekosistema mahsulotlarini  olib kelish va  servis xizmatlari markazlarini poytaxtimiz va viloyatlarda ochishdir.   Sifatli  mahsulotlarni  yetkazib berish esa kompaniyaning asosiy vazifasidir.

–Xalqaro kompaniyalar mamlakatimiz bozoriga kirganda, ular asosan nimalarga ahamiyat qaratadi?

–Xalqaro kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirib kelishidan oldin, albatta, ichki bozorni o‘rganib chiqadi. Talab va taklifni o‘rganadi. 

Markaziy Osiyo davlatlaridan asosan O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlariga qiziqish juda katta. Shu sababli, investorlarga yaxshi sharoitni yaratish muhim ahamiyatga ega. Statistik ma’lumotlarning ommaga yana ochiq va shaffof bo‘lishi ularga yanada qulaylik tug‘diradi.

Katta korporatsiyalarning yangi bozorga kirishida ham o‘z strategiyasi bo‘ladi. Ular ichki bozorni o‘rganishda tadqiqot va konsalting kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Bunda o‘sha joyning infratuzilmasi ham o‘rganiladi. Masalan, ichkiinfratuzilmada logistika rivojlanmagan bo‘lsa,  yirik kompaniyalar bu bozorga kirmaydi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/aoLiyDvLFwc" title="IQTISODIY RIVOJLANISH OMILLARI: GERMANIYA TAJRIBASI MISOLIDA" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

O‘zA muxbiri 

Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi