Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy qudrat va milliy yuksalish uyg‘unligi
18:25 / 2026-02-25

Munosabat

Prezidentimizning AQSHga amaliy tashrifidan so‘ng, Toshkentga qaytishi bilan birinchi navbatda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani, qoraqalpog‘istonliklar uchun yuksak faxr bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston nafaqat ulkan maydon, balki beqiyos qazilma boyliklar xazinasidir. Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar mintaqamizning sanoat salohiyatini tubdan o‘zgartirish uchun mustahkam poydevor bo‘la oladi. 270 million tonna sement, 256 million kub metr pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak va boshqa ko‘plab xomashyo zaxiralarining aniqlangani bu yangi sanoat inqilobidir.

So‘nggi sakkiz yil ichida hudud iqtisodiyotining aholi jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarilgani, eksportning 3,5 barobar oshib, 2,1 milliard dollarga yetgani islohotlarning amaliy natijasi, desak bo‘ladi. Endigi vazifa kelgusi besh yilda iqtisodiyotni 102,5 trillion so‘mga yetkazish va 7,2 milliard dollarlik loyihalarni hayotga tatbiq etishdir.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonni innovatsiyalar markaziga aylantirish bo‘yicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surdi. Taxiatoshda modulli intellektual hisoblash markazi, Nukusda avtomobil sanoati klasteri, Qorao‘zakda ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi kabi loyihalar mintaqamizning texnologik qiyofasini belgilab beradi.

Ayniqsa, sun’iy intellekt sohasiga besh milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinishi, IT universiteti va startap texnoparklarining tashkil etilishi yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. “Milliy tiklanish” partiyasi uchun ilm-fan va innovatsiya milliy yuksalishning bosh omilidir. Shu bois, Ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan ajratiladigan 30 milliard so‘mlik mablag‘ning maqsadli ishlatilishi ustidan deputatlik nazorati kuchaytiriladi.

Yig‘ilishda belgilangan eng muhim ijtimoiy vazifa joriy yil yakuniga qadar ishsizlikni 4,2 foizga, kambag‘allikni esa 3,2 foizga tushirishdir. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarini kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar “inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasidir.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning 16 million gektar ishlatilmayotgan yer resurslaridan foydalanish bo‘yicha yangicha yondashuv belgilandi. Suvsizlik va sho‘rga chidamli dorivor giyohlar yetishtirish, sun’iy intellekt asosida ekinlarni monitoring qilish bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki ekologik barqarorlikdir. Chorvachilik va yaylovlarni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Kengashi raisining alohida o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi sohadagi muammolarni tizimli hal etishga imkon beradi.

Qoraqalpog‘istonning noyob tabiati va tarixi jumladan, “Borsa kelmas” tuz koni, Ustyurtning “Mars” manzaralari, Orol dengizi tarixi muzeyining modernizatsiya qilinishi hududga 500 ming xorijiy sayyohni jalb qilish imkonini beradi. Bu milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni jahonga tanitishning eng samarali yo‘li desak, mubolag‘a qilmaymiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar Qoraqalpog‘istonni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqadi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faollari va deputatlari, ushbu islohotlarning har bir mahalla va har bir xonadonda o‘z ifodasini topishi uchun mas’ul. Zero, maqsadimiz, Qoraqalpog‘istonni farovon, iqtisodiy qudratli va innovatsion hududga aylantirish. 

Tajibay Romanov,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati

O‘zA.