Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotida ma’lum qilishicha, O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish bahosiga o‘zgartishlar kiritib, 2023 yilgi prognozini yaxshiladi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga o‘sishini kutmoqda. Aprel oyida fond 5,3 foizlik o‘sishni prognoz qilgan edi. Kelasi yilgi YAIM o‘sishi bo‘yicha prognoz 5,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
E’tiborlisi, joriy yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston (4,6 foiz), Qirg‘iziston (3,4 foiz) va Turkmanistondan (2,5 foiz) oldinda. Biroq Tojikistondan (6,5 foiz) ortda qolmoqda. O‘zbekistonning joriy to‘lov balansi XVJ prognozlariga ko‘ra, 2022 yildagi -0,8 foizga nisbatan -4,3 foizni tashkil etadi. 2024 yilda bu ko‘rsatkich -4,6 foizgacha ko‘tariladi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda inflyatsiya 2022 yildagi 11,4 foizdan 2023 yilda 10,2 foizga, 2024 yilda esa 10 foizgacha pasayishini bashorat qilmoqda.
O‘zbekistonda ishsizlik darajasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi kutganidek, joriy yilda 8,4 foizgacha (2022 yilda 8,9 foiz), 2024 yilda esa 7,9 foizgacha pasayadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2023 yil uchun global yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini 3 foiz darajasida saqlab qoldi. Lekin 2024 yil uchun uni 3 foizdan 2,9 foizga tushirdi. Hisobotda qayd etilishicha, bu “tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada past”.
Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yil oxirida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi atigi 2 foizni tashkil etadi – bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar past. 2024 yilda u biroz tezlashishi kutilmoqda – 3,4 foizgacha.
XVJ O‘zbekistondagi inflyatsiya prognozini ham yaxshilagan. Shu tariqa, ilgari kutilgan 11,8 foiz o‘rniga joriy yilda inflyatsiya 10,2 foizni tashkil etadi, kelgusi yilda esa 10 foizgacha sekinlashadi.
Shu bilan birga, valyuta jamg‘armasi Markaziy bankning 2028 yilgacha 5 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichiga erishish maqsadi mushkul vazifa ekanini prognoz qilyapti.
Bundan tashqari, kelgusi ikki yil ichida joriy to‘lov balansi taqchilligi mos ravishda 4,3 va 4,6 foizgacha oshadi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha kutilmalarning yomonlashishi respublikaga transchegaraviy to‘lovlar hajmi kamayishi va tashqi savdo taqchilligining kengayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Sh.Mamaturopova tayyorladi,
O‘zA