English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy o‘sish sur’atini ta’minlashda yirik investitsiya loyihalari muhim omilga aylanmoqda
16:25 / 2025-08-01

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va sanoat salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Xususan, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonalarida yanvar-iyun oylarida 282,4 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, belgilangan reja 100,5 foizga bajarildi.  

Ayni shu davrda Toshkent va Navoiy viloyatlarida umumiy qiymati 134 million dollarga teng bo‘lgan beshta yirik loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyihalar faqatgina sanoatni rivojlantirish bilan cheklanmay, 220 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga ham zamin yaratdi.

Xususan, Navoiy viloyatida texnik gaz ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 17,5 million dollarlik investitsiya yo‘naltirildi. Mazkur loyiha mahalliy korxonalarning energetika ta’minotida muhim ahamiyat kasb etadi.  

– Toshkent viloyatidagi Chirchiq shahrida esa bir nechta investitsiyaviy tashabbuslar amalga oshirildi. Jumladan, 15 million dollarlik polietilen plyonkalar ishlab chiqarish loyihasi, 7 million dollarlik avtosanoat uchun rezina va o‘lchov vositalarini ishlab chiqarish loyihasi, 88 million dollarlik yashil vodorod ishlab chiqarish loyihasi shular jumlasidan. Muhimi, bu kabi tashabbuslar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishdagi yangi bosqichni anglatadi.

Shuningdek, Olmaliq shahrida kimyo sanoati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Shu maqsadda 6,5 million dollar sarmoya yo‘naltirildi, – dedi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov.  

Aytish kerakki, mazkur loyihalar sanoatni modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlar turini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi ish o‘rinlari yaratilishi esa aholining turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan investitsiyaviy faoliyatlar mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligi va industrial taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA