Iqtisodiy munosabatlarda huquqiy barqarorlikni kuchaytirish va odil sudlovni ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov shu haqda ma’lumot berdi:
– Aytib o‘tish kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan sudlarning mustaqilligini ta’minlash va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Bu jarayonda iqtisodiy sudlar alohida ahamiyat kasb etib, ular iqtisodiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal qilish orqali bozor iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Toshkent shahri iqtisodiy sudlari iqtisodiy faollik yuqori bo‘lgan hudud sifatida eng katta ish yuklamasiga ega sudlardan hisoblanadi.
2025 yilda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi va Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.
146 ming 247 da’vo arizasi va ariza kelib tushdi. 2025 yilga qoldiq bo‘lib o‘tgan ishlar soni 3 ming 385 tani tashkil etdi. Shundan 138 mingga yaqin ish ko‘rib chiqildi. Ularning 127 ming 68 tasi bo‘yicha da’vo talabi qanoatlantirildi. 6 ming 961 tasi bo‘yicha da’vo talabini qanoatlantirish rad etildi. 1 ming 265 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatildi. 2 ming 576 da’vo ariza (ariza) ko‘rmasdan qoldirildi.
Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 12 ming 906 taga yoki 10,3 foizga ko‘paydi. Hal etilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 6 trillion 912,1 milliard so‘m pul mablag‘lari (asosiy qarz, neustoyka, zarar), respublika byudjetiga 2693,8 milliard so‘m davlat boji undirish to‘g‘risida sud hujjatlari qabul qilindi.
Taraflar tomonidan davlat byudjetiga oldindan ixtiyoriy to‘langan davlat boji summasi 78,7 milliard so‘mni tashkil etdi.
Xususiy tadbirkorlar, kichik biznes sub’ektlari va fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid 26 ming 242 ish ko‘rilib, ular foydasiga 3 trillion 960 milliard so‘mdan ko‘proq undirish haqida sud qarorlari qabul qilindi.
Sud majlislarining tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini oshirish, iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish, qonunga va sudga nisbatan hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirish, taraflarga sud majlisida qatnashib, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida 50 ming 385 tasi yoki 36,5 foizi sudyalar tomonidan bevosita mahallalarda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda sayyor sud majlislarida hal etildi.
Yuqori instansiya sudlari tomonidan samarali nazorat mexanizmi sifatida iqtisodiy munosabatlarda qonuniy va adolatli sudlovni ta’minlashda ham qator ishlar amalga oshirildi. Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya instansiyasida 1 ming 895, kassatsiya instansiyasida 948 va taftish instansiyasida 768, jami 3 ming 611 ish qayta ko‘rib chiqildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, izchil amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari iqtisodiy ishlar bo‘yicha odil sudlovni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatda sog‘lom raqobat va investitsiyaviy muhitni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA