Mamlakatimizda iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, ular faoliyatini qayta tiklash hamda sog‘lomlashtirish masalalarida amaldagi qonunchilik normalari va joriy tartiblar yetarlicha samara bermayapti.
O‘z navbatida, mazkur amaliyot natijalari Jahon bankining “Biznes yuritish” bo‘yicha reytingida yurtimizning munosib o‘rin egallashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi majlisda deputatlar tomonidan sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 17 ta bob va 252 ta moddadan iborat. Loyiha bilan jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizlik amaliyotini joriy etish va tartibga solish, qarzdorning (jismoniy shaxsning) oylik daromadlaridan kelib chiqib, qarzdorlikni to‘lov grafigi asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillarini o‘tkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq to‘lovlarini hisoblashni to‘xtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan so‘ng to‘lash, qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablag‘larini jalb etish hamda sog‘lomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni ko‘zda tutish kabi tartiblar ham qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.
Xalq vakillarining ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash hamda xorijiy investorlarni jalb qilishda tadbirkorlik muhitining jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA