Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida deputatlar fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildi.
Mazkur qonun loyihasi sud ishlarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish va iqtisodiy faoliyatning samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslariga fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishga asos bo‘luvchi da’vo miqdorini oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi umumiy tartibda ko‘rilayotgan ishlarning aksariyat qismi soddalashtirilgan tartibda ko‘rilishiga asos bo‘ladi.

Shuningdek, bu ishlar bo‘yicha sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqarishi natijasida banklar balansidagi harakatsiz va muammoli aktivlar ulushi kamayib, iqtisodiy nizolar tezroq hal etiladi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar berdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA