Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy islohotlar inson manfaatlariga xizmat qiladi
17:46 / 2022-11-03

Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzusidagi II O‘zbekiston iqtisodiy forumi ish boshladi.

Unda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli yetakchi iqtisodchilar, investorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum qatnashchilariga murojaat yo‘lladi. Anjumanning ochilish marosimida ushbu murojaatni Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi. Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida dunyoda davom etayotgan murakkab pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari, turli notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi muammolari inson taqdiri haqida jiddiy bosh qotirishni kun tartibiga dolzarb masala qilib qo‘yayotganini qayd etgan. Va mazkur forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan. Shuningdek, murojaatda yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari sanab o‘tilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorov ochilish marosimidagi ma’ruzasida ikki kun davom etadigan forum doirasida O‘zbekistonning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasi, iqtisodiy imkoniyatlari, dunyo hamjamiyati bilan hamkorligi va rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish, o‘zaro fikr almashish ko‘zda tutilganini ta’kidladi. – Taraqqiyot strategiyasining markazida birinchi navbatda inson qadri va manfaati turadi, – dedi J.Qo‘chqorov. – Unda 2026 yilgacha mamlakatimizda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot miqdorini amaldagi 2000 dollardan 2800 dollarga olib chiqish hamda iqtisodiy o‘sishning inklyuzivligini ta’minlash orqali kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirish asosiy maqsad sifatida aks ettirilgan. Bu orqali biz 2030 yilga borib, jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM miqdorini 4000 dollardan oshirish va o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun qat’iy maqsadga erishish yo‘lida navbatdagi bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tgan bo‘lamiz.  

[gallery-9405]

Forum ochilish marosimida, shuningdek, Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksin Chen,  Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy  so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur iqtisodiy anjuman va unda muhokama etiladigan masalalarning ahamiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi loyihalarning istiqbollari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.  

– O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyo mintaqasida tez va barqaror o‘sib bormoqda, – dedi Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde. – Yillik iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ham qo‘shni davlatlarga nisbatan yuqori. Bunga albatta, 2017 yildan boshlangan iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi keng ko‘lamli ishlar, moliya, bank tizimidagi o‘zgarishlar katta turtki berdi. Tadbirkorlikning faol qo‘llab-quvvatlanishi, shu bilan birga aholini ijtimoiy muhofaza qilishga katta e’tibor qaratilishi islohotlar samaradorligini ta’minlamoqda. Bu ishlar izchil va bosqichma-bosqich davom etishi hamda 2026 yilga borib O‘zbekiston o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kirishi kerak.  

Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksin Chen O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar markaziga inson manfaati qo‘yilganini yuqori baholab, iqtisodiyotni isloh qilish va jamiyatni liberallashtirish borasidagi harakatlarni davom ettirish kerakligini ta’kidladi. Bunda ayniqsa, xususiy sektor va inson kapitalini rivojlantirish, yashil transformatsiyani ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi.  

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy  esa O‘zbekiston yashil iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib borayotganini e’tirof etib, bu jarayonga xususiy sektor ham faol jalb etilayotganini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.  

Forum o‘ndan ortiq sessiyada o‘z ishini davom ettirmoqda. Bu sessiyalarda mamlakatimiz parlamenti, bank va moliya idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar ishtirok etib, O‘zbekistondagi faol iqtisodiy islohotlar, qulay investitsiya muhiti bo‘yicha o‘z fikrlari, takliflarini bildirmoqda. Tadbirlar doirasida O‘zbekiston va xalqaro moliya idoralari bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar, hamkorlikning kelgusi istiqbollari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashilmoqda.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA