English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy hamkorlik yanada rivojlanadi
16:48 / 2016-02-25

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 25-fevral kuni Iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Bolgariya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 25-fevral kuni Iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Bolgariya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, neft-gaz, fan va texnologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, sayyohlik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, sog‘liqni saqlash, me’morlik, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, injiniring va infratuzilma kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev va boshqalar O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlar qatori savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy sohalarda ham izchil mustahkamlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar mustahkam huquqiy asosga ega. Xususan, sarmoyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoyalash, iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikka doir qator bitimlar ikki mamlakatning bu boradagi aloqalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Majlisda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini isloh qilish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish, xususiy mulkning ulushini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani qayd etildi. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘n bir yildan buyon 8 foizdan ziyodni tashkil etayotgani va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muntazam o‘sib borayotgani, bunda yurtimizdagi barqarorlik muhim omil bo‘layotgani jahon hamjamiyati tomonidan ham keng e’tirof etilayotgani ta’kidlandi. Xalqaro miqyosdagi nufuzli reytinglarda O‘zbekiston iqtisodiyoti tez va barqaror rivojlanayotgan mamlakat sifatida yetakchi o‘rinlarni egallayotgani buning yorqin dalilidir.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz yuklar tranziti, logistika, transport va transport kommunikatsiyalari, ilm-fan, sayyohlik, qishloq xo‘jaligi, energetika va xususiy tadbirkorlik kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.

Bolgariya delegatsiyasi O‘zbekistonda olib borilayotgan kuchli iqtisodiy siyosat samaralari, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning hamda xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning puxta ishlab chiqilgan mexanizmi, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi keng imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirildi. Mehmonlar mamlakatimizda faol olib borilayotgan xususiylashtirish jarayoni va bu boradagi yangiliklarga, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning samaralariga yuqori baho berdi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida uzoq yillik do‘stona munosabatlar qaror topgan, – dedi Bolgariya Respublikasi mintaqaviy taraqqiyot va obodonchilik vaziri, komissiya hamraisi Lilyana Pavlova. – Bolgariyada ham, O‘zbekistonda ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga intilish kuchli. Ayni paytda mamlakatingizda Bolgariya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan qator korxonalar faoliyat yuritayotgani bizni quvontiradi. Ularni yanada ko‘paytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston bilan savdo, sayyohlik, energetika, tabiatni muhofaza qilish, transport va logistika, fan, ta’lim kabi qator sohalarda samarali hamkorlik qilish imkoniyatlari katta. Ushbu tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirishga, qo‘shma biznes loyihalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Majlisda yoqilg‘i-energetika va sayyohlik sohalarida hamkorlik bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar energiya manbalari konlarini o‘zlashtirish, sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirish, mehmonxona biznesini rivojlantirish, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan fikr almashdi. Ikki mamlakatning ishlab chiqarish subyektlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

– Majlis davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti va sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalarni tinglab, mamlakatingiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib borayotgani, bu yerda xorijiy ishbilarmonlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratilgani haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – dedi Bolgariya kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi ijrochi direktori Mariyeta Zaxariyeva. – Ikki tomonda ham mavjud salohiyatdan unumli foydalanib, o‘zaro foydali savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish niyatidamiz.

Tadbirda birgalikda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Bolgariya ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy muhitga, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Iqtisodiyot, savdo, sarmoya, xususiy sektor, infratuzilma, transport, logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, sayyohlik, fan va texnologiyalar kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada faollashtirish va rivojlantirishga kelishib olindi.

Shu kuni O‘zbekiston va Bolgariya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, bu boradagi o‘zaro hamkorlikning holati va istiqbollari, mamlakatimizda aksiyadorlik jamiyatlarini xususiylashtirish imkoniyatlariga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bolgariya delegatsiyasi a’zolari mamlakatimizning turli vazirlik va idoralarida muzokaralar o‘tkazdi.