Bugun Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda savdo va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, mintaqada mavjud transport yo‘laklarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish, O‘zbekiston va xorijiy sheriklar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
O‘zA muxbiri transport vaziri Ilhom Mahkamovning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar transport vazirlari bilan qanday kelishuvlarga erishilgani, umuman, o‘tkazilgan forumlar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi.
– Hozirda dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan mojarolar yuk oqimlarini va yetkazib berish logistika zanjirini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarni yanada keskinlashtirmoqda.
Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir davlat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas. Jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan sharoitda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning transport va logistika sohasidagi muammolarini hal etishning yagona yo‘li – konstruktiv muloqot hamda har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir.
Shu munosabat bilan, Tashkilotga a’zo davlatlarning jahon transport bozorida raqobatbardoshligini oshirish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.
Transport-logistika salohiyatimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi muqobil transport yo‘laklarini hamkorlikda tashkil etish, moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash, chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida ish tartibini 24/7 formatda tashkil etish hamda xalqaro avtomobilda yuk tashuvchi haydovchilarga viza berish jarayonini soddalashtirish, raqamli texnologiyalar joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘tgan davr mobaynida davlatlarimiz umumiy manfaatlarini ifoda etadigan, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yig‘ilishda, dunyoda yuzaga kelgan murakkab vaziyatda transport va logistika zanjirlarining uzilishi va ularning oqibati, muqobil yo‘laklarni rivojlantirish, yuk tashuvlariga ruxsat tartib-taomillarini soddalashtirish, sohada amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, yuk tashishda boshqarish jarayonlarini va ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish, tranzit imkoniyatlarimizdan unumli foydalanish kabi masalalar muhokama qilindi.
Yuqoridagi yig‘ilishlar yakuni bo‘yicha muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha tarixiy hujjatlar imzoladik. Bular Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo mamlakatlariga chiqish imkonini beruvchi transport koridorida yuk tashuvlarini rivojlantirish bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston transport vazirliklari rahbariyati tomonidan hujjat imzolandi.
Bu esa O‘zbekiston tranzit salohiyatini oshirishga, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarini 1,5 mlrd. aholiga ega Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lab o‘zaro savdoni hamda mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga, muqobil transport koridorlari orqali tashilayotgan yuklarni O‘zbekiston orqali tranzit tashish uchun jalb qilishga imkon beradi.
Shuningdek, asosiy savdo hamkorimiz hisoblangan Rossiya bilan eksport va import yuk tashuvlarining uzluksizligini ta’minlash va transport koridorlarini diversifikatsiyalash maqsadida Kaspiy dengiz orqali muqobil transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha hujjat imzolandi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti transport vazirlarining 12-yig‘ilishi yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjat Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida yuk tashuvlari jarayonlarini yanada soddalashtirish, mamlakatlar tranzit salohiyatini oshirish, muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.Samarqandning qadimiy shahar va turizm salohiyatini inobatga olgan holda, Samarqand aeroportiga IHT davlatlari aviatsiya Xabi maqomini berish taklifi ishtirokchi mamlakatlar tomonidan ma’qullandi.
[gallery-14355]
“O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlari Transport vazirlari darajasida hujjat imzolandi.
Bu yo‘nalish birinchi navbatda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yuk tashuvlarini muqobil Janubiy yo‘lak orqali raqobatbardosh narxlarda va chegaradan o‘tish davlatlarini qisqartirish va tartib taomillarni soddalashtirish hisobiga qisqa muddatlarda yetkazib berishga imkon beradi. Keyinchalik mazkur kelishuvga mintaqaning boshqa mamlakatlari qo‘shilishi O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirishga turtki bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbiri