Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy forumda O‘zbekiston vaziri takliflari
10:29 / 2022-11-10

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev vengriyalik hamkorlarimizning tajribasi va ilg‘or texnologiyalarini tadbiq etishimiz mumkin bo‘lgan bir qator yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

— O‘zbekistonning qulay iqlimi va tabiati tufayli energiyaning quyosh, shamol va suv kabi qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalanishimiz zarur, — dedi J.Xo‘jayev. — Ishlab chiqarishlar quvvatlari oshishini inobatga olib, 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatgichni 30 GVt (gigavatt)ga yetkazishni, muqobil energiya manbalari ulushini esa 2026 yilgacha 25 foizga olib chiqishni rejalashtirganmiz. Bunday dasturlarni faqat xususiy investitsiyalar hisobiga va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiramiz. Vengriya kompaniyalarini ushbu loyihalarda ishtirok etishga taklif etamiz.

Shuningdek,  mineral resurslardan foydalanish va ularni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyatlar bor.

Masalan, O‘zbekistonning kaolin zaxiralari 1,3 mlrd. tonnani tashkil etadi.  

Bu – sanfayans va sanitar keramikasini ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida kaolindan tayyorlangan mahsulotlar importi 500 mln. dollardan ortadi.

Mutasaddining ta’kidlashicha,  biz bu yo‘nalishda, albatta, Yevropaning ilg‘or texnologiyalarini tadbiq etib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishdan manfaatdormiz.

— O‘zbekistonda har yili 150 ming tonna mis ishlab chiqarib, faqat 55 ming tonnasini qayta ishlaymiz. Bu xom ashyodan yuqori talabga ega elektr dvigatellari, sim-kabel mahsulotlari hamda maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni birgalikda tashkil qilishimiz mumkin. Bunday mahsulotlar importi hajmi Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zida 2 mlrd. dollardan oshadi, — dedi vazir.

O‘zbekiston — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri. Mamlakatimizda yiliga 22 mln. tonnadan ortiq mahsulot muntazam ravishda yetishtiriladi. Biroq, bugungi kunda ularni qayta ishlash hajmi atigi  15 foizni tashkil etmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash zarurati yuzaga kelgan bugungi geosiyosiy sharoitda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha aniq rejalar amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, shu munosabat bilan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar ushbu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, shubhasiz yuqori daromadga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.

Mamlakatimizda aviatsiya sohasida ham yuksak imkoniyatlar yaratilmoqda — O‘zbekiston aeroportlarida “ochiq osmon” rejimini joriy etilmoqda. Xorijiy aviatashuvchilar soni ortib bormoqda – so‘nggi yillarda ular 10 tadan 25 taga ko‘paydi. Ular qatoriga “Viz Eyr” kompaniyasi ham kirmoqda.

Kelgusi yilda tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 7 mln. ga (bugungi kunda 3,5 mln.), yaqin kelajakda esa  

10 mln. ga yetkazish bo‘yicha aniq rejalar bor. Bu borada sayyohlar va tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mahalliylashtirish darajasini 60 foizdan oshirib, to‘liq ishlab chiqarish jarayoni tashkil qila olgan yagona yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

bugungi kunda avtomobil ishlab chiqarishning umumiy hajmi yiliga 300 mingtadan oshdi. So‘nggi yillarda yuzlab korxonalarda avtomobil komponentlarini o‘zimizda ishlab chiqarishga erishildi. Shu bilan birga, yiliga qiymati 2 mlrd. dollardan ortiq komponentlarni import qilinmoqda.

— Avtomobillarning yillik ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga yetkazishni ustuvor vazifa qilib olganmiz. Shu bois, ehtiyot va butlovchi qismlariga talab ortib boradi. Bu esa o‘z o‘rnida – vengriyalik hamkorlar bilan birgalikda yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun asos bo‘ladi, — dedi J.Xo‘jayev.

Markaziy Osiyoda farmatsevtika bozorining hajmi 6 mlrd. dollarni, O‘zbekistonda esa – 2 mlrd. dollarni tashkil etadi. bugungi kunda, O‘zbekiston mintaqada dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Ichki ehtiyojimizning 50 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilar ta’minlaydi.  

Ayni paytda, farmatsevtika korxonalarimiz qo‘shni bozorlarni faol o‘zlashtirishmoqda va bu yo‘nalishda ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyatlar mavjud.

 

Mohigul Qosimova,

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA muxbirlari

Samarqand shahri