Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy forum manfaatdor tomonlar uchun samarali imkoniyatlar eshigidir
19:59 / 2022-11-07

Samarqandda o‘tkazilgan «Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish» mavzusidagi II O‘zbekiston iqtisodiy forumi an’anaviy uchrashuvlarning yana bir bosqichiga aylandi.

So‘nggi yillarda qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand uzoq va yaqin mintaqalarning istiqbolini belgilab berishda xalqaro qurultoylar uchun muhim ahamiyatga ega tashabbuslar makoni bo‘lib bormoqda. Samarqand – Uchinchi Renessans ostonasida jahon nigohida turgan strategik nuqtaga aylandi. Bu «Samarqand ruhi» shukuhida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotlari forumida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Anjumanda xalqaro maydonda nomi chiqqan iqtisodchi-tahlilchilar, yirik sarmoyalarga ega investorlar, siyosiy ekspertlar hamda ko‘pgina hamkor davlatlarning rasmiy vakillari ishtirok etgani, iqtisodiy yuksalishimizda yana bir katta qadamdir.

Anjuman mohiyati davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida to‘liq aks etdi, xorijlik ekspert va tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Murojaatda mamlakatimizning «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»da belgilab berilgan iqtisodiy va tashqi siyosiy samarali dasturlar ijrosini hayotga keng tatbiq etish, jahondagi taraqqiy etgan hamkor davlatlar bilan integratsiyani kuchaytirish va ishchan dasturlarni samarali ishga tushirish borasida muzokaralar olib borilayotgani bildirildi.

Iqtisodiy forumda ijtimoiy-iqtisodiy va savdo-sotiq, transport-logistika sohalarida o‘zaro yaqin va manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishbilarmon va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, xorijiy korxonalar vakillarining huquqiy talablarini tegishli tartibda standartlashtirish, shu orqali investorlarni keng jalb etish masalalari ilgari surildi.

Sir emaski, globallashuv sharoitida ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda intellektual resurslar va inson kapitaliga bo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Bu esa, sifatli ta’lim berish orqali kadrlar tayyorlash va ularni ishlab chiqarishga yo‘naltirishni taqozo qiladi. Intellektual kadrlar qancha ko‘p bo‘lsa, ular kelajakda qora mehnat bilan emas, balki dunyoning eng taraqqiy etgan kompaniyalarida ish faoliyatini olib boradi va Vataniga investitsiyalar oqib yeirishi imkoniyatini oshiradi.

Prezidentimiz murojaatda qayd etganidek, real memorandumlar asosida investitsiya oqimlari jalb qilinishi, tovar almashinuvi va o‘zaro savdo-sotiqlar vujudga kelishi jamiyatda ishsizlik muammosini bartaraf etishda asosiy yechimdir. Ijtimoiy farovonlikni oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektorning roli, o‘zgaruvchan muhitda pul-kredit hamda makroprudensial siyosat, yashil iqtisodiyotga alohida institutsional yondashuv forumning kun mavzusidan o‘rin oldi. Bu yilgi anjumanning asosiy muloqot mavzusida inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish ustuvorlik kasb etgani bejiz emas.

Forumda hukumatimiz vakillari tomonidan 2022-2026 yillarda inklyuziv va iqtisodiy ko‘lamli o‘sishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish hamda kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartirish maqsadi ilgari surildi. Binobarin, xususiy sektorlar rolini oshirish, tadbirkorlik, investitsiya sohalarini qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirib borish ta’kidlandi.

Demokratik, shaffof tub islohotlar jarayonida «inson qadri uchun» tamoyiliga asosan aholining turmush darajasini yanada yaxshilash va mahalla infratuzilmasini ijtimoiy davlatning ijro tayanchi sifatida qo‘llab-quvvatlab, istiqbolli dasturlarni hayotga joriy etish bildirildi.

Chunonchi «Obod xonadon», «Obod ko‘cha», «Obod mahalla», «Obod qishloq» va «Tashabbusli byudjet» kabi dasturlar doirasida aholi uchun zarur bo‘lgan ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar holati yaxshilangani, ta’lim, tibbiyot muassasalari raqamlashtirilgani hamda takomillashtirilgani ma’lum qilindi. Bu dasturlarni rivojlantirish, tajriba almashishi takliflari o‘rtaga tashlandi.

Ayniqsa, kambag‘al, ehtiyojmand oilalarga manzilli ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilayotgani, subsiyadiyalar ajratilayotgani, ularning moddiy-ma’naviy ehtiyojlarini inobatga olgan holda individual yondashuvlar tatbiq etilayotgani, forumdan keyin ham bu islohotlar jadal olib borilishi ta’kidlab o‘tildi.

Ishsizlik bor joyda notinch xonadonlar uchrashi tabiiy, jinoyatchilik oshishi muqarrar. Shu bois, professional ta’lim sifatini oshirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish orqali aholini, ayniqsa, yoshlarni va xotin-qizlarni o‘z-o‘zini band qilish, oilaviy biznes-tadbirkorlikka jalb etish strategiyamizda ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Sanoat ishlab chiqarishda faqat ichki o‘sish emas, balki tashqi integratsiyalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda, mintaqalarda yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatlar sharoitida ham makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bunday sharoitda inflyatsiyani to‘xtatish asosiy maqsadlardan biri bo‘lib, 2022 yilda mamlakatimizda 5 foizdan yuqori iqtisodiy o‘sish kutilayotgani ekspertlar tomonidan real e’tirof etildi.

Anjumanda iqtisodiy sohaning eng yirik tarmoqlaridan qishloq xo‘jaligi va agrar soha innovatsiyalariga alohida e’tibor qaratildi. Suv va suv resurslaridan oqilona foydalanish innovatsion agrotexnologiyalari bo‘yicha fikr almashildi, tejovchi «aqlli» texnologiyalarni qo‘llash, ishlab chiqarish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni ilgari surgan provard maqsadli taklif va amaliy dasturlarda savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar brendi bilan xalqaro bozorlarga chiqish chora-tadbirlari bayon etildi.

Ta’kidlash joizki, mintaqadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni qulaylashtirishda transport-logistika tizimlari borasida kelishuvlarning amalga oshirilishi yangi savdo-iqtisodiy bandargohlar va yaqin ufqlarga yo‘l ochilishini ta’minlaydi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi tashkilotlar, investorlar yuqoridagi taklif va amaliy dasturlarni qo‘llab-quvvatlayotgani bu muhim rejalarni amalga oshirishga imkon beradi.

Forumda o‘tkazilgan o‘ndan ortiq sessiyalar davomida O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi asosida olib borilayotgan faol iqtisodiy islohotlari, qulay investitsion muhiti, ijtimoiy siyosati haqida fikr almashildi. O‘zbekiston va xalqaro moliya idoralari bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar, hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama etildi.

Forumning yakuniy yalpi majlisida iqtisodiyotning soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar xalqaro investorlar, iqtisodchilar bilan birga tahlil qilindi va 3 million dollarlik 62 ta shartnoma imzolanishi samarali forum yakuni bo‘ldi.

Bunday raqamli iqtisodiy kelishuvlarni xalqaro moliya korporatsiyasi mintaqaviy vitse-prezidenti Hela Cheyxruxu, "Whiteshield Partners" konsalting kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi, YUNESKOning sobiq bosh kotibi Irina Bokova, Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi bosh amaliyotchi direktori Nazim Nordalilar yuqori baholadi.

Ochiq va progmatik ruhda o‘tgan xalqaro forumda «o‘sish» kabi so‘zlar ko‘p xorijlik iqtisodchilar tomonidan qo‘llanilgani OAVlarda e’tirof etilganining o‘zi davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan xalqaro formatdagi konstruktiv muloqotlarning samaradorligini ko‘rsatadi.

Forum doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJni modernizatsiya qilish ilgari surilib, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan ikki yirik strategik ahamiyatga ega qiymati 80,0 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihalarini «tayyor holda topshirish» bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Quvvati 500 kVli «Muruntov» podstansiyasi qurilishi bo‘yicha (“TBEA Co. Ltd.» (Xitoy) kompaniyasi) qiymati 37,12 mln dollar shartnoma, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» «Besopan» o‘chirib-yoqish punktigacha 177 km. uzunlikdagi 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i xitoyliklar tomonidan qurilishi uchun qiymati 42,8 million dollarlik imzolangan shartnomalar strategik ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda, ishtirokchi sifatida mening e’tiborimni tortgan yana bir jihat forum ma’ruzalar tezisi bo‘lib, har bir ma’ruza salmog‘i juda katta iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘zida mujassam etgani bo‘ldi. Tezislarga ko‘ra, bugungacha mingdan ortiq davlatning ixtiyorida bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlari auksion orqali xususiy tadbirkorlarga sotilgan, joriy yilda 55 ta xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushi xususiylashtirilgan. Ommaviy savdolarga chiqarilgan 1 ming 500 dan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlaridan 223 tasi xususiylashtirilgan, 596 tasi sotuvga qo‘yilgan va 736 tasi sotuvga tayyorlanmoqda.

Davlatlararo qizg‘in kechgan iqtisodiy forum o‘zaro ochiq, konstruktiv muloqot va ishbilarmonlik, investitsion aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam ko‘prik vazifasini o‘taydi, manfaatdor tomonlar uchun samarali iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori