Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy diplomatiya: Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining zamonaviy modeli
23:32 / 2026-02-15

Yangi O‘zbekiston so‘nggi yillarda ochiq, amaliy va juda faol tashqi siyosat yuritib, xalqaro maydonda o‘ziga xos ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mamlakatimiz tashqi siyosati tinchlikparvarlik, o‘zaro manfaatdorlik va keng ko‘lamli hamkorlik tamoyiliga asoslanib, faqat siyosiy muloqot bilan cheklanmasdan, iqtisodiy taraqqiyot, investitsiya jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ta’lim, turizm va inson kapitali salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Diplomatik faollik ortishi, xalqaro tashkilotlar va yetakchi davlatlar bilan muloqot mustahkamlanishi diyorimizning mintaqaviy va global jarayondagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat.

O‘zA muxbiri ushbu muhim jarayonni xolis baholash, tashqi siyosatimizda kuzatilayotgan asosiy tendensiyalar, muhim diplomatik qadamlar, strategik hamkorlikning mamlakat taraqqiyotiga ta’siri xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.

Jasur Rajabov, Tashqi ishlar vazirligining mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i:

Описaние: C:\Users\ADMIN\Desktop\жaсур.jpg

– Qayd etish kerak, 2018-yildan boshlab o‘zbek diplomatiyasida trayektoriya o‘zgardi. Hozirgi vaqtda har bir uchrashuv, ayniqsa xorijiy hamkorlar bilan muloqotda kun tartibining asosiy mavzularidan biri iqtisodiy yo‘nalish bo‘lib qolyapti. Ayniqsa, bunda investitsiya jalb qilish, eksport miqdorini oshirish hamda turizmni rivojlantirish asosiy vazifalar sirasiga kiradi.

Bundan tashqari tashqi mehnat migratsiyasi masalalari, ya’ni chet elda tahsil olayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz huquqi va erkinligini har tomonlama himoya qilish bo‘yicha konsullik boshqarmasi va tegishli davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarga tegishli vazifalar yuklangan.

Ta’kidlaganimdek, muloqotlar aniq iqtisodiy manfaatga xizmat qilishi kerak va tom ma’noda bugungi kunda bizning siyosiy muloqotimiz shunga yo‘naltirilgan.

E’tiborlisi, 2025-yil birinchi marta yurtimiz tashqi savdo aylanmasi 80 milliardga yetdi. Bu juda yuqori ko‘rsatgich. Mazkur natija, avvalo, o‘sha muloqotlar mahsuli. Ayni payt diplomatik vakolatxonalarimiz zimmasiga bevosita viloyatlardagi eksport qiluvchi kompaniyalar huquqi, manfaatini himoya qilish, ularga ko‘mak berish, eksportni rivojlantirish va investitsiya sohasida hamkor topish uchun qator vazifalar qo‘yilib, aniq maqsadlar belgilangan.

Xushvaqt Hayitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

Описaние: C:\Users\ADMIN\Desktop\хушvaқт.jpg

– Ta’kidlash joiz, o‘tgan yil yurtimiz tashqi siyosati uchun ulkan natijalarga boy, sermahsul keldi. 2025-yil 700 dan ko‘p delegatsiyamizning xorijga safari uyushtirilgan bo‘lsa, 600 ga yaqin turli delegatsiyalar diyorimizga tashrif buyurgan. Shu uchrashuvlar doirasida 300 dan ko‘p xalqaro shartnoma, 9 strategik kelishuvga erishildi. “Markaziy Osiyo+” formatida ham sezilarli o‘sish kuzatildi, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy va Osiyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari bilan hamkorlik rivojlandi. Ayniqsa, bu jarayonda iqtisodiy yo‘nalish bo‘yicha eksport-import amaliyotida ijobiy o‘zgarish yaqqol ko‘zga tashlandi.

Prezidentimiz xorijga amalga oshirgan har bir tashrif doirasida salmoqli ishlar qilindi. Masalan, o‘tgan yil 24-oktabr kuni davlatimiz rahbari Bryussel shahriga tashrif buyurganda YeI bilan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Imzolash uchun uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan mazkur hujjatda sanoat, savdo, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston fuqarolarining YeI davlatlarida qonuniy asosda mehnat qilishi yoki ta’lim olishi, birgalikda qo‘shma loyihalar amalga oshirish, kelgusida yurtimizda energetika bozorini rivojlantirish, investitsiya jalb qilish bo‘yicha katta vazifalar, rejalar nazarda tutilgan.

O‘tgan yil davlatimiz rahbari Amerika Qo‘shma Shtatlariga ikki marta tashrif buyurdi. Joriy yil Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” bitimini imzolash marosimida qatnashdi. Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatda tutgan yo‘li ko‘pgina rivojlangan davlatlar tomonidan e’tirof etilayotgani, tajribamiz ko‘p yurtlarga namuna sifatida ko‘rsatilayotgani ham haqiqat. Zero, Vatanimiz tashqi siyosati hamma mamlakatlar bilan tinch, do‘stona, o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyilini ilgari suradi.

E’tiborlisi, o‘tgan yil yurtimizga 12 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Tarixiy shaharlarimizga qiziqish yil sayin ortmoqda. Ma’lumki, Prezidentimiz turizm sohasi bo‘yicha infratuzilmani yaxshilash, xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida vazifalarni belgilab bergan. Joriy yildan AQSH fuqarolariga viza tartibini bekor qilish va Yevropa davlatlari fuqarolariga vizani soddalashtirish ko‘zda tutilgan. Bu turli o‘lkalardan turistlar diyorimizga emin-erkin kelishi, xalqlar o‘rtasidagi diplomatik aloqa ham kuchayishiga olib keladi.

Taraqqiy etgan mamlakatlar bilan har bir kelishuv iqtisodiyotimizga salmoqli foyda keltiradi. Investitsiya olib kirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholimiz daromadini oshirish, iqtisodiy qudratimizni yanada oshirishga xizmat qiladi. O‘ylaymanki, tashqi tinchlikparvar siyosatimiz joriy yilda bundan ham sermahsul bo‘ladi.

Ravshan G‘oziyev, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent:

Описaние: https://data.daryo.uz/media/2024/01/27/Sequence%2002.00_14_31_31.Still003-Q8Y-tFTE.jpg

– Respublikamiz oxirgi yillarda juda faol tashqi siyosat yuritib, 165 davlat bilan diplomatik munosabat o‘rnatdi. Ayniqsa, ta’lim yo‘nalishida yoshlar uchun grantlar ajratish, yoshlarimiz o‘quv standarti yuqori bo‘lgan dunyoning rivojlangan davlatlarida o‘qishi uchun sharoit yaratish masalasi tashqi siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

Qayd etish kerak, xorijda ta’lim olishni qo‘llab-quvvatlash, o‘g‘il-qizlarimiz malakali mutaxassis bo‘lib yetishishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham alohida maqsadlar belgilangan. Xususan, muntazam tarzda universitetlar hamkorligini kengaytirish, ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish, birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish masalalari kun tartibiga qo‘yilgan.

Shuningdek, xalqaro ta’lim makoniga chuqur integratsiyalashuv doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli o‘qish tizimi hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarini yurtimizda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yoshlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikma egallashi, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, xalqaro grant va stipendiya dasturlari orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish, innovatsion g‘oya va startap tashabbuslarini rivojlantirish tashqi siyosatimiz bilan uzviy bog‘liq vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bunda nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik faqat yoshlarni xorijda o‘qitish bilan cheklanmasdan, xorijiy professor-o‘qituvchilarni yurtimizga jalb etish, tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or ta’lim uslublarini milliy tizimga joriy etishni ham o‘z ichiga oladi. Bu jarayon ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va innovatsion rivojlanishga xizmat qilmoqda.

O‘tkir Alimov, O‘zA