26 yanvar — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kuni
Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu davlat byudjetiga kelib tushayotgan bojxona to‘lovlari hajmini sezilarli darajada o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan 2025 yildagi byudjetga tushumlar rejasi 3,67 trillion so‘m o‘rniga 3,85 trillion so‘mga, 2024 yil bilan taqqoslanganda 458,7 milliard so‘m yoki 13,5 foizga oshgan.
[gallery-27239]
Shuningdek, 2025 yilda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 2,98 trillion so‘mga yaqin imtiyoz va ta’rif preferensiyalari qo‘llanilgan. Eng muhimi, o‘tgan yilda viloyat bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan eksport 1200,1 million dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 302,5 million AQSH dollariga yoki 33,7 foizga ko‘paygan.
“Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti orqali harakatlangan yo‘lovchilar soni ham sezilarli oshdi. Masalan, 2024 yilda 1 million 361 ming 766 nafar yo‘lovchi qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda yo‘lovchilar soni 150 ming 058 taga yoki 11 foizga oshgan. Shuningdek, “Jartepa” chegara bojxona posti orqali harakatlangan avtotransport vositalari soni ham sezilarli ko‘paygan. 2024 yilda 107 ming 983 ta avtotransport vositasi qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda ularning soni 136 ming 904 taga oshgan. Yo‘lovchilar harakati esa o‘tgan 2024 yilga nisbatan 142 ming 844 nafarga ortgan.
Viloyat bojxonachilari tomonidan 2025 yilda aniqlangan 2044 ta huquqbuzarlik holatida jami 59 milliard 957,65 million so‘mlik tovar va transport vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Shundan, 1094 ta ma’muriy va 59 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Holatlar soni 386 taga va tovarlar qiymati 35 milliard 863,1 million so‘mga oshgan.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 54 ta holatda jami 80,6 kilogramm giyohvandlik moddasi aniqlandi. Psixotrop tabletkalar va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanishini oldini olish borasida 19 holatda jami 9787 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalar aniqlangan.
Mamlakatimiz chegaralarimiz mustahkamlanishi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bojxonachilarning xizmat postidagi hushyorligi bizni turli sifatsiz mahsulotlardan asrabgina qolmay, ular ta’siridagi ko‘plab ko‘ngilsiz holatlardan asraydi. Shu bois, tizim takomillashuvi davlat va xalq uchun muhim.
Alisher ISROILOV(surat),O‘zA