Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiy barqarorlikka xizmat qilmoqda
18:55 / 2023-08-11

Namanganda “Birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish va shaffoflikni ta’minlash” mavzusida ommaviy axborot vositalari ishtirokida respublika tovar-xom ashyo birjasining viloyat filialida press-tur hamda mahalliy tadbirkorlar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda birja savdolari va elektron tijorat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, hamda respublika tovar-xom ashyo birjasining Namangan filiali faoliyati haqida ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanganidek, “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qaror ijrosini ta’minlash doirasida xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda respublika tovar-xom ashyo birjasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Mazkur strategiyaga asosan birjaning yangi elektron birja savdolari va kliring tizimlarini joriy etish, davlat xaridlari va elektron tijorat savdo tizimlarini takomillashtirish rejalashtirilgan.  

Respublika tovar-xom ashyo birjasi Namangan filiali rahbari Komiljon Ahmedovning ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 iyundagi qaroriga muvofiq joriy yil 3 iyuldan boshlab bug‘doy hosilidan vaqtinchalik saqlashga topshirilgan 3-sinf bug‘doy respublika tovar-xom ashyo birjasining ochiq birja savdolari orqali sotila boshlandi. Mahalliy g‘alla yetishtiruvchi fermerlar va g‘allachilik klasterlari o‘z mahsulotlarini bozor tamoyillari asosida erkin sotmoqda. Bu o‘z navbatida, ularning moddiy manfaatdorligini oshirib, mazkur bozorda raqobat muhitini yaratib bermoqda.  

O‘tkazilayotgan birja savdolari davomida bug‘doy uchun birja narxlari talab va taklif asosida shakllanib, tuzilgan bitimlar doirasidagi barcha to‘lovlarni amalga oshirilishi birjaning hisob-kitob kliring palatasi orqali kafolatlanmoqda. Hukumatning 2017 yil 31 avgustdagi 683-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, unga ko‘ra, 2023 yil 1 iyuldan boshlab respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali sotiladigan avtoraqamlarning boshlang‘ich narxlariga o‘zgartirishlar kiritildi.  

Bundan tashqari, onlayn-auksionda xarid qilingan avtoraqamlarni rasmiylashtirish muddati 10 kundan 30 kungacha uzaytirildi. Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar birja filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, ijodkorlarga filialning birja savdolarini tashkillashtirish bo‘limi, hisob-kitob kliring palatasi va elektron tijorat bo‘limlarida kundalik amalga oshiriladigan ishlar batafsil tushuntirildi. Shuni aytish joiz, mijozlarga sifatli maslahat berish va xizmat ko‘rsatish uchun birja zamonaviy texnologik vositalar, shu jumladan alohida kompyuter uskunalari va axborot monitorlari hamda uzluksiz elektr manbai bilan jihozlangan. Respublika tovar-xom ashyo birjasining Namangan filialida markaziy savdo zalidan tashqari jami 28 ta savdo maydonchalari, 78 ta brokerlik idoralari va qariyb 230 ta treyder faoliyat yuritadi. Joriy yilning o‘tgan yetti oyida elektron savdolar natijasida jami 1,5 trillion so‘mlik bitimlar tuzilgan. Ularning 60 foizi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.  

Press-turda matbuot xodimlari birjaning savdo zalida elektron birja savdolarini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.