Shu kunlarda “Raqamli avlod qizlari” Respublika tanlovining Toshkent viloyati bosqichi o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, 2021 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur tanlov xotin-qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi bilim va malakasini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda ishlab chiqqan g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shu paytgacha unda 100 ming nafardan ziyod nomzodlar qatnashgan. Tanlovda ishtirokchilar asosan 16–20 va 21–30 yosh toifalarida o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazmoqda.


– Prezidentimizning 2025 yil 15 maydagi “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yil tanlov takomillashtirildi. Ya’ni raqamli texnologiyalar, kontentlar yaratish bilan bog‘liq zamonaviy kasblarni egallashga ishtiyoqi baland bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, saralab olish maqsad qilindi. Shu tufayli endilikda “Raqamli avlod qizlari” tanlovi ham mazkur tashabbus doirasida o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi. Quvonarlisi Toshkent viloyatida bu yilgi tanlovda qatnashish uchun 8 ming 10 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Nomzodlar tomonidan ta’lim yo‘nalishida 2 ming 780 loyiha, sun’iy intellekt bo‘yicha 2 ming 300 loyiha, iqlim o‘zgarishi borasida 1 ming 50 loyiha va yashil iqtisodiyot yo‘nalishga oid 1 ming 880 loyiha taqdim etildi. Ishtirokchilar orasida maktab o‘quvchilari, talabalar, AKT sohasiga qiziquvchi talabalar bor, – deydi Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutaxassisi O‘ktam Mirzahamdamov.

Tanlov qatnashchilarining loyihalari soha mutaxassislari, maktab va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan baholab borilmoqda. O‘tgan yil noyabr oyida tanlovning tuman (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu bosqichda eng yaxshi deb topilgan va yuqori baholangan 121 nafar ishtirokchi loyihasi viloyat bosqichiga tavsiya etilgan.

Jarayonda hakamlar hay’ati tomonidan har bir qizning loyihalari tegishli tartibda baholanmoqda. Yakunda g‘oliblar tanlovning Respublika bosqichida qatnashadi.
A.Musayev, O‘zA.