Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtidorli yoshlar uchun global imkoniyat yaratayotgan ta’lim dargohlari soni ortib bormoqda
16:43 / 2026-01-05

Munosabat

Ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni global standartlar asosida rivojlantirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. 

Prezidentimiz o‘tgan yil yakunida Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan Murojaatnomasida ham ayni yo‘nalishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Unda ta’kidlanganidek, yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyo mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida shakllanmoqda. Yaqin yillarda kasblarning salmoqli qismi avtomatlashtirilishi, qolgan qismi esa yangi bilim va ko‘nikmalarni talab qilishi prognoz qilinmoqda.

Ana shunday sharoitda ta’lim tizimi faqat an’anaviy bilim berish bilan cheklanib qolmasdan, yoshlarni o‘zgaruvchan global muhitga moslasha oladigan, mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh va mas’uliyatli shaxs sifatida tayyorlashi zarur.

Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti bilimga asoslangan holda tez sur’atlar bilan o‘zgarmoqda. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlar boyligining 64 foizi inson kapitali hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ta’lim sohasiga investitsiya kiritish mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishining asosiy omiliga aylanganligini ko‘rsatadi. 

O‘zbekistonda ham ta’limga yo‘naltirilayotgan davlat mablag‘lari yil sayin oshib bormoqda va bu yondashuv mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining asosiy ustunlaridan biriga aylangan.

Aynan shu strategik yondashuvning amaliy ifodasi sifatida Davlatimiz rahbarining 2025 yil 15 maydagi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni asosida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati tashkil etildi. 

Mazkur maktab “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusining muhim bo‘g‘ini sifatida iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni xalqaro standartlar asosida tayyorlash va dunyo miqyosidagi eng nufuzli universitetlarga yo‘naltirishga ixtisoslashgan.

Al-Beruniy maktabi qisqa muddat ichida ta’lim tizimida mutlaqo yangi standart va yondashuvlarni joriy etib, xalqaro ta’lim tizimida ham o‘z o‘rnini topishga muvaffaq bo‘ldi. 

Xususan, maktab International Baccalaureate — IB tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tib, IB Diplom Programme (IBDP) bo‘yicha rasman tegishli jahon maktabi sertifikatini olishga muvaffaq bo‘ldi.

IB akkreditatsiyasi, bu oddiy formal holat emas. U ta’lim sifati, boshqaruv, o‘qituvchilar malakasi, baholash tizimi va maktab falsafasini qamrab oluvchi murakkab va ko‘p bosqichli baholash jarayondir. 

Xususan, o‘tgan yili iyul oyida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati va Shveysariyaning IB tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolanib, unga IB nomzodlik maqomi berildi. Shu asosda o‘qituvchilarning malakasi oshirildi, ta’lim jarayoni IB standartlariga moslashtirildi.

2025 yil oxirida esa maktab-internatiga bu bo‘yicha tegishli sertifikat rasman taqdim etildi. Shu tariqa maktab O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda davlat tasarrufidagi “IB Diploma Programme”ni amalda joriy etgan birinchi ta’lim muassasasi bo‘ldi. 

Maktabning yana bir tarixiy ahamiyatga molik yutug‘i shundaki, u IB dasturining fanlari tarkibiga O‘zbek tilini “O‘zbek A” fani sifatida kiritishga muvaffaq bo‘ldi 

Shu bilan birga, bu qadam o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro ta’lim maydonidagi mavqeyini mustahkamlaydi va kelajakda IB dasturini tanlagan boshqa o‘zbekistonlik o‘quvchilar uchun ham yo‘l ochib beradi.

Endilikda maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi shahodatnoma bilan bir qatorda IB diplomini berish huquqi qo‘lga kiritilgan.Ushbu diplom dunyoning yetakchi universitetlari tomonidan tan olinib, bitiruvchilarga TOP–20 talik reytinglardagi universitetlarga imtiyoz asosida kirish va bakalavriat darajasini 4 yil emas, 3 yilda yakunlash imkoniyatini yaratadi.

Al-Beruniy maktabining yana bir muhim jihati kadrlar siyosati va jamoani shakllantirishdagi yondashuvdir. Bugun maktabda xorijiy mutaxassislar, TOP-100 talik reytingdagi universitet bitiruvchilaridan iborat yuqori malakali jamoa faoliyat olib bormoqda. 

Maktabda o‘quvchilar faqatgina akademik bilim emas, balki ijtimoiy mas’uliyat, liderlik, tadqiqot olib borish va jamoatchilik bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini ham egallamoqda. Bu esa Prezident ta’kidlagan inson kapitalini rivojlantirish strategiyasiga ham to‘liq mos keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z Murojaatnomasida ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, alohida ta’lim trayektoriyasini yaratish orqali mehnat bozoriga yoshlarni yetishtirib chiqarish lozimligini ta’kidlab o‘tdilar. 

 Bizning xalqaro maktab-internat bugun oddiy ta’lim muassasasi emas. U Yangi O‘zbekiston ta’lim siyosatining amaliy natijasi, davlat ishonchi va xalqaro e’tirof uyg‘unlashgan noyob ta’lim maskanidir. 

 

Javohir AHMEDOV, 

Al-Beruniy nomidagi 

xalqaro maktab-internati ijrochi direktori.

O‘zA