Buxoroda eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalari, respublika tanlovlari g‘oliblari, ularning ustozlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov o‘z bilim va iqtidori bilan jahon miqyosidagi eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida, respublika tanlovlarida tengdoshlari bilan raqobatga kirishayotgan, sovrinli o‘rinlarni egallab oltin, kumush, bronza medallarni olib kelayotgan, o‘z iqtidor va san’atini namoyon etayotgan buxorolik yoshlar safi kengayib borayotganligini faxr bilan qayd etdi.
Jumladan, aniq, tabiiy fanlar va chet tillarini o‘qitish, kasb-hunar o‘rgatish, musiqa va san’atni rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilib, ta’lim muassasalarida shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar yaratildi.
[gallery-24396]
Maktablarda teatr studiyalari tashkil etilib, musiqa va san’at sohasida iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salmog‘ini oshirishga qaratilgan “Turon” maktab teatri”, joriy yildan boshlab “Iqtidor” maktab ansambli” tanlovlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Buxoro viloyatida 26 ming nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlar ushbu tanlovlar orqali musiqa va san’at sohasida o‘z iqtidorlarini namoyon etib, shahar va tumanlarda, qolaversa, barcha maktablarda san’at sohasidagi iqtidorli o‘quvchilar jamoalari shakllandi.
Mazkur tanlovlarning respublika bosqichida “Iqtidor” maktab ansambli” tanlovi bo‘yicha G‘ijduvon tumanidagi 46-maktabning “Yosh havaskorlar” jamoasi 1-o‘rinni, “Turon” maktab teatri” tanlovi bo‘yicha Kogon shahridagi 3-maktabning “Elegant” jamoasi 3-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi bo‘yicha Buxoro shahridagi 19-maktab jamoasi 1-o‘rinni egallab, xorij safarida bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Faxr bilan aytish kerakki, bugungi kunda ushbu bilimdonlar safida jahon maydonlarida muvaffaqiyat qozonib, yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarib kelayotgan buxorolik o‘quvchilar safi ham kengayib bormoqda.
Yakunlangan o‘quv yili davomida 37 nafar o‘quvchi-yoshlar respublika va xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jumladan, respublika fan olimpiadalarida 8 ta sovrinli o‘rin (3 ta 1-o‘rin, 3 ta 3-o‘rin, 2 ta 3-o‘rin) qayd etilgan bo‘lsa, xalqaro fan olimpiadalarida 29 ta (2 ta oltin, 17 ta kumush, 10 ta bronza) medallar qo‘lga kiritildi.
Tadbir davomida ana shu g‘olib va sovrindor o‘quvchilar, ularning ustozlari viloyat hokimligining tashakkurnomasi, faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda “Turon” maktab teatri” tanlovi bo‘yicha Kogon shahridagi 3-maktabning “Elegant” jamoasi tomonidan “Zamonamiz Avloniysi” spektakli namoyish qilindi. G‘ijduvon tumanidagi 46-maktabning “Yosh havaskorlar” jamoasi va “Barkamol avlod” bolalar maktabi yosh ijrochilari tomonidan tayyorlangan kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.