Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtidorli yoshlar kamol topmoqda
10:11 / 2024-02-10

Har bir ota-ona farzandi ta’lim sifati yuqori bo‘lgan maktabda tahsil olishini istaydi.

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi sifatli ta’lim, namunali boshqaruv, malakali mutaxassis, qulay infratuzilma talablariga javob beruvchi ilm maskani hisoblanadi. 100 yillik tarixga ega bo‘lgan mazkur bilim dargohida bugungi kunda 1 ming 186 o‘quvchiga 90 nafar o‘z kasbining fidoyisi sanalgan muallim saboq berib kelmoqda. 

Ilm dargohi 2019 yilda mukammal ta’mirlanib, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘ldi. Yangi kutubxona, sport zali, faollar zali o‘quvchilar ixtiyorida. Kompyuter qurilmalari, qizlar va bolalar uchun texnologiya jihozlari olinib, oshxona yangilandi.

Maktab bitiruvchisi Muxlisa Mamajonova 2022 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. U “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiyasi g‘olibi ham. Hozir esa xalqaro “TOP-100” talik reytingidan joy olgan Buyuk Britaniyaning Glasgov universiteti magistraturasida tahsil olmoqda. 

– Bugungi kunda maktabimizda ta’lim olayotgan o‘quvchilarimiz erishayotgan ko‘rsatkich va yutuqlardan har qancha faxrlansak arziydi, – deydi maktab direktori Odiljon Ismatullayev. – Masalan, 11-sinf o‘quvchisi Olimjon Ahmadjonov tumanimiz miqyosidagi barcha o‘quvchilar o‘rtasida eng yuqori ko‘rsatkich asosida xalqaro ingliz tili bilimni aniqlash darajasi bo‘yicha “IELTS” sinovida 8 balni qo‘lga kiritganidan behad quvondik. Iqtidorli shogirdlarimiz fan olimpiadasining viloyat bosqichlarida kimyo fanidan faxrli birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. 

Qayd etish joizki, mazkur ilm maskanida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi boshchiligida nuroniylar kengashi a’zolari “Maktab – ota-ona – mahalla” tamoyili asosida har hafta maktabda bir marta o‘quvchilarga Vatanni sevish, uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir farzandning muqaddas burchiga aylanishi, yoshlar mamlakat taraqqiyotining ertangi kelajagi, bugungi islohotlarning haqiqiy davomchilari bo‘lishi lozimligi, bu maqsadlarga erishish uchun esa, albatta, kuchli bilimga ega bo‘lish, yuksak odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligini uqtirib kelishmoqda. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri