Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtidorli talabalarga mustahkam zamin yaratmoqda
11:46 / 2025-11-29

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish va innovatsion fikrlashini shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar olib borilmoqda.

Namangan davlat texnika universitetida mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar amaliy natijalari bilan ajralib turib, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oliygohda bu borada erishilgan yutuqlar sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda universitet rektori vazifasini bajaruvchi Muhammadjon Dadamirzayev o‘tgan yildagi ishlar, ilmiy natijalar, talabalar muvaffaqiyatlari va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha fikr bildirdi. Tadbir yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish bo‘yicha shakllangan ekotizimning amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etdi.

Joriy yilda o‘tkazilgan “Menda g‘oya bor!” innovatsion g‘oyalar tanlovi katta qamrov va yuqori faolligi bilan ajralib turdi. Unda to‘qqizta fakultet va magistratura bo‘limidan 256 talaba qatnashgani, ular orasidan 146 nafar iqtidor sohibi g‘olib, deb topilgani universitetdagi ilmiy-innovatsion jarayonlarning jonlanayotganidan dalolat beradi. G‘oliblarga umumiy qiymati 440 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlarining topshirilgani esa yoshlar mehnati, intilishi va tashabbusini rag‘batlantirish borasida muhim qadam bo‘ldi.

“Yilning eng faol talabasi – 2025” tanlovida ham yuqori faollik qayd etildi. Oliygoh bosqichiga 42 nomzod hujjat topshirib, ular orasidan munosib ko‘rilgani yetti nafar talaba mamlakat bosqichiga tavsiya etildi. Jamoat ishlari, ilmiy izlanish va tashabbuskorlikka qo‘shgan hissasi uchun 19 faol talaba jami 50 million so‘mlik rag‘batlantirish bilan taqdirlandi.

– Atrof-muhitni muhofaza qilish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri. Shaharlar rivojlanar ekan, toza ekologik muhitni saqlab qolish uchun yangi, tejamkor va samarali texnologiyalar zarur. Men yaratgan zamonaviy tozalash mashinasi shunday ehtiyojdan kelib chiqqan, – deydi Namangan davlat texnika universiteti uchinchi kurs talabasi Abdulloh Isoqjonov. – Bu qurilma sun’iy intellekt asosida ishlaydi, chiqindilarni aniqlab, ularni avtomatik yig‘adi va saralash funksiyasiga ega. Muhimi, u energiya tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz. Oliy o‘quv yurtimiz tomonidan g‘oyam qo‘llab-quvvatlanib, demo versiyasini yaratish uchun 3,5 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgani menga katta kuch berdi. Maqsadim, O‘zbekiston shaharlarini toza, qulay va xavfsiz ekotizimga aylantiruvchi mahalliy texnologiyalarni yaratish.

Taqdim etilgan startaplar, muhandislik yechimlari, axborot texnologiyalari, sanoatga yo‘naltirilgan modellar va raqamli texnologiyalarga doir ishlanmalar ko‘plab mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi. Mazkur jarayon universitetda shakllanayotgan ilmiy-innovatsion ekotizimning barqaror rivojlanayotganini, yoshlar o‘z ilmiy g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantira olayotganini tasdiqlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, Namangan davlat texnika universitetida iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish va innovatsion muhitni kengaytirish borasidagi tizimli ishlar yoshlarning intellektual rivoji, ularning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi va tashabbuskorligi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.