Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtidorli sportchilar millat g‘ururi
14:51 / 2025-08-14

Olmaliq shahrida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining Toshkent viloyati bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov ishtirok etib, barcha sportchi yoshlarga o‘z tilaklarini bildirdi. 

Ta’kidlanganidek, oxirgi yillar davlatimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tufayli yuqori natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Sport infratuzilmasini yaxshilash, moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun Toshkent viloyatida 15 ta sport ob’ektlari va ularning qurilishiga 212 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. 

Ayniqsa, mahallalarda bolalarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish maqsadida Sport vazirligi bilan hamkorlikda 150 dan ziyod sport majmualari tashkil etildi. Hududlarda sport maktablari va sport federatsiyalarining bo‘limlari samarali faoliyat yuritmoqda. Sport ta’lim muassasalarida shug‘ullanayotgan yoshlar 46 ming nafardan oshdi. O‘z navbatida iqtidorli sportchilarning safi yil sayin ko‘payib, mamlakatimiz va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda. 

Boshlanayotgan “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari ham hududlarda yangi iqtidorlarni kashf qilishida muhim o‘rin tutadi. Musobaqalar 14 avgustdan 18 avgust sanasiga qadar taekvondo, sport kurashlari, boks, yengil atletika, badiiy gimnastika, stol tennisi, dzyudo, basketbol kabi sport turlari bo‘yicha Nurafshon, Chirchiq shaharlari hamda Yuqori Chirchiq va Toshkent tumanlarida o‘tkaziladi. 

[gallery-24757]

Unda mintaqalardan saralab olingan 1 ming 358 nafar hamda ixtisoslashtirilgan sport maktablaridan 284 nafar sportchilar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Yuqori natijalarni egallaganlar “Prezident olimpiadasi”da Toshkent viloyati sharafini himoya qiladi. 

Tadbirda mashhur san’atkorlar ijrosidagi qo‘shiqlar yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. 

A.Musayev, O‘zA.