Yangiyo‘l tumanida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etish bo‘yicha ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Tanlov avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari, oila va xotin qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nilufar Normirzayeva, Yangiyo‘l tuman hokimi Odiljon Ataullayev va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu mukofot iqtidorli qizlarni kashf etish, ularning iste’dodini tarbiyalash va yuzaga chiqarishda beqiyos o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Tanlovning 22 ta shahar-tuman bosqichida ishtirok etgan 673 nafar iqtidorli qizlar orasidan 125 nafari viloyat bosqichiga saralandi. Ular viloyat hokimligi tomonidan e’tirof etilib, taqdirlandi.

Jarayonda ishtirokchi qizlar ushbu mukofotga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom asosidagi fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
– Joriy yilda ham juda ko‘p iqtidorli qizlar mazkur tanlovga qatnashayotganiga guvohi bo‘ldik, – deydi tanlovning hakamlar a’zosi Nigora O‘rolova. – Ularning erishayotgan yutuqlari, har jabhada faolligini ko‘rib xursand bo‘ldik. Ishonamanki, bu qizlar viloyatimiz yoshlariga o‘rnak bo‘ladi. Ishtirokchilar bilan suhbatlashsangiz o‘zingizga boshqacha kuch va kayfiyat olasiz. Yakuniy natijalar ham shunga yarasha bo‘lishiga ishonamiz.

Barcha nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yig‘ma jildlari, yo‘nalishlar bo‘yicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlari nufuzli hay’at tomonidan baholab borildi. Qayd etish joizki, mazkur mukofot ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.


Yo‘nalishlar bo‘yicha har bir o‘ringa munosiblar tanlab olindi. Endilikda ular respublika bosqichiga tavsiya etiladi. Qayd etish lozimki, mazkur mukofot sovrindorlariga Prezident qarori bilan diplom, ko‘krak nishoni hamda pul mukofotlari har yili 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida topshiriladi.
A.Musayev, O‘zA.