Andijon davlat universitetida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar saralash tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov ochilishida so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, xususan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ko‘plab iqtidor sohibalarini yuzaga chiqarishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.

Joriy yilda viloyatda mazkur tanlov nomzodlarini saralash bo‘yicha tuman va shahar bosqichlarida 500 nafardan ziyod iqtidorli qizlar qatnashgan bo‘lsa, viloyat bosqichida adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat, sport, jamoatchilik faoliyati va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha 117 nafarga yaqin iqtidor sohibalari o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

– Zulfiyaxonim izdoshlari qatoridan joy olish yurtimizdagi har bir qizning orzusi, har bir qiz o‘z yutuqlari bilan ana shu nomga sazovor bo‘lish uchun harakat qiladi, – deydi tanlovning jamoatchilik yo‘nalishi ishtirokchisi, Andijon davlat tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Muqaddas Shavkatova. – Tanlovda o‘z imkoniyatlarimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazdik. Iqtidorli, faol qizlar ko‘p, lekin ijodi, faoliyati eng munosib bo‘lgan ishtirokchilargina tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanma oladi.

Yakuniy bosqichda yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan 24 nafar iqtidorli qiz tanlovning mamlakat saralash bosqichida qatnashish uchun tavsiya etildi.
Tanlov doirasida iqtidorli qizlar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari, amaliy va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Yakunda tanlov viloyat bosqichining barcha ishtirokchilari oila va xotin-qizlar boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA